31 oktyabr kuni soat 22:00 da Toshkent viloyatida 36 yoshli J.P., o‘zining jinoiy sheriklari 36 yoshli A.I. va 51 yoshli B.A.lar bilan birgalikda bosqinchilik sodir etgan, deya xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Ular bir guruhga birlashib, qora rangli mato bilan yuzlarini yashirgan. Shundan so‘ng egniga «Milliy gvardiya» harbiy kiyimini kiyib, rezina tayoqcha va qo‘l kishani hamda pnevmatik o‘q otar qurol bilan qurollangan holda, A.I.ning boshqaruvidagi «Matiz» rusumli avtomashinada Toshkent tumani, Tutzor mahallasi, Nurmakor ko‘chasiga yetib kelgan.

Mazkur ko‘cha bo‘ylab «Lacetti» rusumli avtomashinasida uyiga kelayotgan, 47 yoshli U.R.ni yo‘lini to‘sib, unga hayot yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatishgan va qo‘llarini orqa tarafga qayirgan holda kishanlab, bosqinchilik sodir etishgan. Bosqinchilar fuqaro U.R.ni avtomashinasining orqa o‘rindig‘iga o‘tkazib, olib ketmoqchi bo‘lishgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, ulardan qo‘l kishani, rezina tayoq, pnevmatik o‘q otar qurol, «Milliy gvardiya» xizmat kiyimi va niqoblar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida, «Matiz» rusumli avtomashina salonidan, J.P., A.I. va B.A.,lar tomonidan qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan, «01R376SV» va «10Ye488LA» davlat raqam belgilari mavjudligi aniqlanib, ushbu davlat raqamlari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqarolar J.P., A.I. va B.A.,larga nisbatan Jinoyat kodeksining 227-modasi 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 164-moddasi 2-qismi «a,b» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida, yuqoridagi fuqarolarga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.