«Gazeta.uz» 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan. Quyidagi havolada u bilan tanishish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasi yaratiladi.

Bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming so‘m, bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 300 ming so‘m, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan kishiga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi.

Moliyalashtirish aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yig‘im joriy etish hisobidan amalga oshirilishi haqida ham aniqlik kiritildi.

Bundan tashqari, har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari»ni tashkil etiladi. Bunda, quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • piyodalar va velosiped yo‘laklarining umumiy uzunligi 3−5 kmni tashkil etishi hamda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lishi;
  • zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug‘lik qaytaruvchi, yo‘laklarning boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari bilan to‘liq ta’minlanishi;
  • piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlarini yaratish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «to‘siqsiz muhit» tashkil etish.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning ushbu farmoniga asosan, 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishadi. Rahbarlar shaxsiy na’munalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn ko‘rsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat organlari jamoa shartnomalarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari joriy qilingan edi.

«Gazeta.uz» 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan. Quyidagi havolada u bilan tanishish mumkin.