O‘zbekiston prezidentining «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi» farmoniga binoan, mamlakatda yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan hamkorlikda 2021 yilda 2 ta, 2025 yilda 10 ta venchur jamg‘armalari tashkil qilinadi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yilga qadar ilm-fanga yo‘naltiriladigan jami mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 6 baravarga, 2030 yilgacha esa 10 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.

2021 yilda «Yashnobod» innovatsion texnoparki rezidentlari sonining 60 taga yetkazilishi, shu asosda innovatsion mahsulotlar turi va hajmini oshirish, shuningdek, 720 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. 7 ta zamonaviy laboratoriya majmuasi tashkil etiladi. Ular GLP va GMP jahon standartlariga mos uskunalar bilan jihozlanadi.

Bundan tashqari, mazkur farmonda ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan milliy reyting tizimi joriy etiladi.

Ilmiy tashkilotlar tadqiqotchilarining o‘rtacha yoshi 2025 yilga qadar 45 ga, 2030 yilgacha esa 39 ga yetkazilishi hamda 2025 yilga qadar 39 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning umumiy sonida yuqori malakali ilmiy xodimlarning (fan nomzodi, falsafa va fan doktorlari) ulushini 2 baravarga, 2030 yilgacha esa 3 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish ko‘nikmasiga va iqtisodiy bilimga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar tayinlanadi.