O‘zbekiston prezidenti Turkiyaning g‘arbiy hududlarida yuz bergan tabiiy ofat — kuchli zilzila oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani, ko‘plab fuqarolar jarohat olgani hamda katta talafot ko‘rilgani munosabati bilan Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga ta’ziya yo‘lladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatlarda shifo topishini tiladi.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan 14:51 da Turkiya g‘arbidagi Izmir provinsiyasi Seferixisar tumani hududida 6,6 ballik zilzila qayd etildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 12 kishi vafot etdi, 438 kishi jarohatlandi. Vayronalar ostidan 70 dan ortiq kishi qutqarib qolindi. Ayni vaqtda 17 ta vayron bo‘lgan binoda qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, zilziladan so‘ng ushbu hududda 97 marta aftershok qayd etildi. Ulardan 20 tasining magnitudasi 4 dan yuqori bo‘ldi.