2017 yil mart oyida boshlangan Toshkent chorrahalarida joylashgan videokameralar orqali yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini aniqlash dasturiy ta’minotining litsenziya muddati tugadi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida aytib o‘tildi.

Poytaxt ma’muriyati huzuridagi Raqamli rivojlanish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksey Xenning ta’kidlashicha, 114 ta chorrahada Shveysariya kompaniyasi bilan birgalikda kameralar, shuningdek yo‘nalishli ob’ektlarda bir nechta radarlar o‘rnatilgan.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ABL-Soft&SS tomonidan ishlab chiqilgan AutoCon tizimini (davlat raqamini avtomatik tanib olish, tezlikni o‘lchash va qoidabuzarliklarni aniqlash) sotib olish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

«Biz ular bilan suhbatlashdik, ular bizga tijorat taklifini berishdi. Bir milliard yuz million so‘m — bu tizimning narxi», — dedi Aleksey Xen. Uning aytishicha, bitta kompleksda oyiga 300 mln so‘mlik qoidabuzarliklar qayd etilgan. «Ya’ni, biz ikki oy ichida hammasini qoplashimiz mumkin», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 15 martda Toshkent chorrahalarida videokameralar orqali yo‘l harakati qoidalarini buzishni qayd etish tizimi ishga tushirildi. Shu bilan birga, «Gazeta.uz» ushbu tizim qanday ishlashini va qonunbuzarliklar qanday aniqlanishini batafsil bayon qilgan edi.

2018 yil avgust oyida poytaxt IIBBsi avtomatlashtirilmagan radarlardan foydalanishni taqiqlab qo‘ydi va uning o‘rniga AutoCon qurilmalaridan foydalanish tavsiya etildi. Keyinchalik ushbu tizim haqida ABL-Soft&SS asoschisi Arabboy Maraximov so‘zlab bergan edi.