Vazirlar Mahkamasining 27 oktyabrdagi «Oliy ta’lim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 martga qadar xoirijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish uchun 5 ta OTM ochiq tanlov asosida saralab olinishi belgilanmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki oy muddat ichida ochiq tanlov shartlari va o‘tkazish tartibini ishlab chiqadi. Vazirlikka shuningdek, 2021 yil 1 mayga qadar tanlab olingan OTMlarni transformatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tasdiqlash vazifasi ham yuklatilmoqda.

Mazkur qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad OTMlardagi ta’limni raqamli formatga o‘tkazish, bilimlar transferini ta’minlash, innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish va amaliyotga joriy etishdan iborat.

2021/2022 o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida transformatsiya qilinadigan oliy ta’lim muassasalarida:

  • bakalavriat va magistratura uchun to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari ularning o‘zlari tomonidan belgilanadi;
  • bakalavriatga kirish imtihonlari mustaqil o‘tkaziladi;
  • ta’lim jarayoniga hamkor sifatida biriktirilgan nufuzli xorijiy OTM professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi.

Ushbu hujjat bilan 2021/2022 o‘quv yilidan transformatsiya qilish uchun tanlab olingan OTMlarga akademik mustaqillik berish rejalashtirilmoqda.

Transformatsiya jarayonlarini moliyalashtirish uchun OTMlarning byudjetdan tashqari hisobidagi va Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari jalb qilinadi.