O‘qituvchilarning oylik maoshi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha oshiriladi. Bu haqda AOKAda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan Prezident Farmoni loyihasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

Sherzod Shermatovning qayd etishicha, sinf rahbarligi uchun to‘lovlar 1,5 baravarga oshiriladi. Metodistlarlarning ish haqi miqdori oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

Manba: AOKA

Bitiruvchilarining OTMlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan umumta’lim muassasalari rahbar xodimlari rag‘batlantiriladi. Shuningdek, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarning o‘qituvchilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy malaka toifasi beriladi.

Xalq ta’limi vazirining ta’kidlashicha, 2024 yilga qadar yuqori natijalarga erishgan pedagoglarning oylik maoshi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshiriladi.

Shuningdek, xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armalari tashkil etiladi.

Anjumanda 1 maydan boshlab NTT hamda OTMlarga xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish huquqi berilishi haqida ham ma’lum qilindi. Bundan tashqari, ushbu sanadan boshlab «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasi ishga tushiriladi.

2021 yil 1 yanvarga qadar qisqa muddatli pedagogik kurslar va sinf rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilinadi.