Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolarini tabrikladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar 50 milliondan oshiq ekani, 65ta xorijiy OTMda tilimiz o‘rganilishi haqida aytib o‘tib, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash vazifasini bajarish lozimligini qayd etdi.

«Bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz», — deyiladi davlat rahbari tabrigida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev, kuni kecha Afg‘oniston Islom Respublikasida O‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari birinchi marta davlat miqyosida nishonlanganligini mamnuniyat bilan tilga oldi va qardosh Afg‘oniston davlati rahbariyatiga o‘zbek tiliga rasmiy til maqomini berib, unga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibor va hurmati uchun minnatdorlik bildirdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, ayni vaqtda mamlakatda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilib, turli hududlarda 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘plab ta’lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko‘rsatayotganligi, xorijiy tillarga ixtisoslashgan hamda ta’lim chet tillarda olib boriladigan ta’lim muassasalari soni oshib borayotganligi aytildi.

«Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan, O‘zbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari ham o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e’tiborlidir», — ta’kidladi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident bayram arafasida qabul qilingan «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaror ham o‘zbek tili va adabiyotini yanada ravnaq toptirishga qaratilganligini aytib o‘tdi.

Ma’lumot uchun Shavkat Mirziyoyev bayram arafasida O‘zbek tilini yanada rivojlantirishga oid farmonni imzoladi va bu bilan 2020−2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan uchinchi yalpi majlisida «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonun ma’qullangan edi.