Toshkent viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Bahodirbek Mullaxonov vafot etdi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati.

«Gazeta.uz»ning hokimiyatdagi manbasiga ko‘ra, hokimning birinchi o‘rinbosari 21 oktyabr kuni koronavirus keltirib chiqargan asoratlar natijasida vafot etgan. U Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) davolanayotgan bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manba esa Bahodir Mullaxonovning aslida xususiy klinikada davolanganligini ma’lum qildi. O‘z navbatida, RSHTYOIMda u 4 kun davomida «profilaktik davolanish»da bo‘lgan va keyin yana xususiy kasalxonaga ko‘chirilgan.

Bahodir Mullaxonov (1974 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan (1992−1996) va Oklaxoma davlat universitetining magistr darajasini (1997−1998) olgan. U turli yillarda Markaziy bank tuzilmalarida, jumladan Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridagi Markaziy bank filiallariga rahbarlik qilgan. Shuningdek, «Asaka» banki boshqaruv raisining o‘rinbosari, 2012−2020 yillarda «Qishloq qurilish bank» boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.

Joriy yilning fevral oyidan u Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan edi.