Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev parlamentning quyi palatasi — Majilisga saylovlarni 2021 yil 10 yanvarda o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yangi saylov kampaniyasi boshlanishidan oldin siyosiy jihatdan modernizatsiya qilish, ko‘p partiyaviylikni rivojlantirish va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faoliyatini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Qozog‘istonda parlament muxolifati instituti joriy etildi. Unga parlament sessiyalarining har birida kamida bir marta tashabbus ko‘rsatish, shuningdek, bir sessiya davomida kamida ikki marta hukumat soatining kun tartibini belgilash huquqi berilgan.

Partiyalar ro‘yxatida ilk marotaba xotin-qizlar va yoshlar uchun 30 foizlik kvota e’lon qilindi. «Ushbu me’yor ayollar va yoshlarni parlamentga va mahalliy vakillik organlariga jalb qilishning samarali mexanizmiga aylanadi, bu ularning mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faolroq ishtirok etishiga yordam beradi», — deya ta’kidladi Qasim-Jomart Toqayev.

Bundan tashqari, bo‘lajak saylovlar — mahalliy vakillik organlari saylovlari ilk marta partiyalar ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Majilisda 107 deputat bor, shulardan 98 nafari siyosiy partiyalardan partiyalar ro‘yxati bo‘yicha, 9 nafari esa Qozog‘iston Xalq assambleyasi tomonidan saylanadi.