O‘zbekistondagi 31 tijorat banklari uchun faollik indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan uchinchi chorakda yangilandi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston bank tizimida 32 tijorat banki faoliyat olib bormoqda. Ulardan 13 tasi ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lsa, 19 tasi xususiy bank yoki chet el kapitali ishtirokidagi bank hisoblanadi. Avgust oyining oxirida Markaziy bank Anor Bank AJni birinchi raqamli bank sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Banklar uch guruhga ajratilgan:

  • Davlat ulushi mavjud yirik banklar;
  • Raqobatbardosh banklar;
  • Markazlashgan banklar;

Moliyaviy vositachilik

Tijorat banklarining jamg‘armalarini bank tizimiga jalb qilish hamda ushbu jamg‘armalarni moliyaviy va iqtisodiy nuqtai nazardan eng samarali loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish salohiyati banklarning moliyaviy vositachi sifatida faolligini belgilab beradi.

Davlat ulushi mavjud 10 ta yirik bankda boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi o‘rtacha 58 foizni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarda 22 foizga yetadi.

Shuningdek, davlat ulushi mavjud 10 ta yirik banklarning majburiyatlari tarkibida hukumatdan olingan mablag‘lar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 2020 yil 1 sentyabr holatiga, ushbu ko‘rsatkich 19 foizni tashkil etdi.

Moliyaviy ommaboplik

Banklarning moliyaviy ommabopligi kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining qay darajada ekanligi va «banksiz» qolayotgan aholi qatlamini bank sektoriga jalb qilish darajasini ko‘rsatadi.

Ushbu yo‘nalishda Ipak yo‘li bank, Agrobank va Hamkor bank eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega. 2020 yil 1 sentyabr holatiga, Ipak yo‘li bankning har bir filialiga o‘rtacha hisobda 532 ta kredit olgan tadbirkor to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich Agrobank va Hamkor bankda mos ravishda 476 va 411 tani tashkil etdi.

Moliyaviy ommaboplikni baholovchi mezonlardan yana biri sifatida top-10 yirik mijozlarga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushini olish mumkin. Ushbu ko‘rsatkich O‘zKDB bankda 78 foiz, Ravnaq bankda 57 foiz, O‘zmilliy bankda 52 foiz hamda Asaka bankda 48 foizni tashkil etdi.

Banklar faollik indeksi bo‘yicha reyting

2020 yil 3-chorak uchun hisoblangan «Banklar faollik indeksi» bo‘yicha reytingda Kapital bank 1-o‘rnini saqlab qoldi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik (3-o‘rin), moliyaviy ommaboplik (4-o‘rin) hamda daromad olish salohiyati (5-o‘rin) bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatdi.

Shuningdek, Kapital bankning moliyaviy ommaboplik indeksi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlari, xususan 10 ta eng yirik mijozlariga berilgan kreditlar ulushining pastligi hamda xususiy sektorga berilgan kreditlarning jami kreditlar hajmiga nisbatining yuqoriligi mazkur banknig ushbu reytingda 4-o‘rinni egallashiga sabab bo‘ldi.

Universal bank umumiy reytingda 2-o‘rinni egalladi. Xususan, mazkur bankning moliyaviy vositachilik (4-o‘rin), aktivlar sifati (1-o‘rin) hamda daromad olish salohiyati (6-o‘rin) bo‘yicha ko‘rsatkichlari bankning umumiy reytingda 2 pog‘onaga ko‘tarilishiga yordam berdi. Ushbu bankning kapital yetarliligi bo‘yicha natijalari kapital yetarliligi ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratish lozimligidan dalolat bermoqda.

Umumiy reytingda davlat ulushi mavjud banklar orasida Ipoteka bank 2 pog‘onaga (15-o‘rin), Mikrokredit bank 6 pog‘onaga (16-o‘rin) hamda O‘zsanoatqurilish bank 4 pog‘onaga (19-o‘rin) ko‘tarildi. Mazkur banklarda moliyaviy vositachilik va ommaboplik bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Shu bilan birga, Xalq banki reytingi may oyidagi 11-o‘rindan 13-o‘ringa tushdi. Chunki, mazkur bankning aktivlar sifati va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha ko‘rsatkichlari bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichidan pastroq hisoblandi. Xususan, ushbu bankning muammoli kreditlarining jami kredit portfelidagi ulushi 4 foizni, har bir ishchisiga to‘g‘ri keluvchi foyda miqdori 34,5 mln so‘mni (o‘rtacha ko‘rsatkich 64 mln so‘m), operatsion xarajatlarining daromadlariga nisbati 53 foizni tashkil etdi.

Asaka bank umumiy reytingda 4 pog‘ona pastlab, 17-o‘ringa joylashdi. Bunga sabab, mazkur bankning boshqa banklar va moliya institutlaridan olgan depozitlar va kreditlar hajmi 1,4 trln. so‘mga, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ) oldidagi majburiyatlari esa 788 mlrd. so‘mga oshgani bo‘ldi.

Agrobank umumiy reytingda 8 pog‘onaga tushib, 18-o‘rindan joy oldi. Ushbu bankning boshqaruv samaradorligi va likvidlilik ko‘rsatkichlari bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan pastroq hisoblandi. Shuningdek, Agrobankning boshqa banklar va moliya institutlari oldidagi majburiyatlari 839 mlrd so‘mga, Moliya vazirligi va O‘TTJ oldidagi majburiyatlari 702 mlrd so‘mga ko‘payishi moliyaviy vositachilik bo‘yicha reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zmilliy bank umumiy reytingda 1 pog‘onaga pastlab, 20-o‘rinni egalladi. Bankning boshqa banklar va moliya institutlaridan olgan depozitlari va kreditlari hajmi 1,5 trln so‘mga ko‘paydi. Moliya vazirligi va O‘TTJ oldidagi majburiyatlari esa 122 mlrd so‘mga oshdi. O‘zmilliy bankning kredit portfelini moliyalashtirilishida depozitlari ulushi pastligicha (11 foiz) saqlanib qolmoqda.

Qishloq qurilish bank umumiy reytingda 3 pog‘onaga tushib, 21-o‘rinda joylashdi. Mazkur bankning jamg‘arma va muddatli depozitlari 200 mlrd so‘mga ko‘paygan bo‘lsada, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlari hajmi depozitlariga qaraganda ko‘proq (446 mlrd so‘mga) oshdi. Shuningdek, ushbu bankning likvidlilik hamda daromad olish salohiyati bo‘yicha ko‘rsatkichlarining pasayishi bankning umumiy reytingini biroz tushishiga sabab bo‘ldi.

Banklar faollik indeksi bo‘yicha reyting

Turkiston bank, Xay-Tek bank, Poytaxt bank, O‘zagroeksport bank, Davr bank, Savdogar bank, Tenge bank Eron Soderot bank, Madad invest bank va Tibisi bank moliyaviy ommaboplik bo‘yicha tegishli ma’lumotlar taqdim etmaganligi sababli ushbu reytingda ishtirok etmadi.

Tadqiqot metodologiyasi va batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan to‘liq hisobotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan so‘rov bo‘yicha olish mumkin.