Yevropada karantin choralari joriy etilmoqda

Fransiyaning Parij shahri va uning atrofidagi hududlarda: Lill, Grenobl, Lion, Marsel, Ruan, Sent-Eten, Monpele, Tuluza shaharlarida komendantlik soati joriy qilingan. Bunday choralar noyabr oyining oxirigacha amal qilishi mumkin. Belgiyada ham komendantlik soati joriy etildi. Kafe va restoranlar bir oyga yopiladi. Soat 20:00 dan keyin tungi do‘kon va spirtli ichimliklar savdosi taqiqlanadi. Oila a’zolaridan boshqasi bilan uchrashish taqiqlanadi.

Gollandiyada qisman karantin choralari joriy etilmoqda, jamoat joylarida niqobsiz xaraktlanish taqiqlanadi. Italiyada soat 21:00 da shahar hokimlariga jamoat maydonlarini yopish huquqi berildi. Ispaniyaning bir qator shaharlari, jumladan Madrid va Salamanka izolyatsiya qilindi. Komendantlik soati joriy etilishi istisno etilmayapti.

Germaniyaning poytaxti Berlinda niqobsiz yurish taqiqlanadi. Eng qattiq cheklovlar Bavariyaning Berxtesgadener-Land shahrida joriy etildi, jumladan, uydan uzrsiz sabab bilan chiqib ketish taqiqlanadi, maktablar yopiladi, barcha ijtimoiy tadbirlar taqiqlanadi. Avstriyada 6 kishidan ko‘proq guruhlarda to‘planib turish taqiqlanadi. Hudularga qo‘shimcha cheklovlar qo‘yishga ruxsat berilgan. — RIA Novosti

Xitoy yangi ekologik muammoga duch keldi

Foto: Sarvar O‘rmonov / O‘zA

Mamlakat har yili 26 million tonna tashlangan kiyimlarni qayta ishlashga majbur bo‘lyapti. Xitoy yiliga besh milliarddan ortiq futbolka ishlab chiqaradi. Kiyim-kechaklar omma uchun ishlab chiqarilgani sababli, ular arzon va qisqa muddatga yaroqli. Moda sanoati dunyodagi karbonat angidrid chiqindilarining taxminan 10 foizini tashkil etadi, bu barcha havo va dengiz transporti ko‘rsatkichlaridan ko‘proqdir. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bir kilogramm kiyimni qayta ishlatsa olti ming litr suv va 0,3 kilogramm kimyoviy o‘g‘itlarni tejashga imkon beradi. Biroq, Xitoyning muammosi shundaki, kiyimlarni qayta ishlash foyda keltirmaydi va ikkinchi qo‘l kiyimlar nisbatan kambag‘al hududlarda ham mashhur emas. — Bloomberg

Fransiyada tahdidlar sababli ikkita masjid himoya ostiga olinadi

Foto: «Gazeta.uz»

Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen departament prefektlariga mamlakat janubidagi Beze va Bordo shaharlarida tahdid qilingan masjidlar himoyasini ta’minlashni buyurdi. «Beze va Bordo shaharlaridagi masjidlarga tahdidlar yoki zo‘ravonlik harakatlari qaratilgan edi. Men tegishli idoralarning prefektlaridan ularni himoya qilishni so‘radim. Bunday harakatlar respublikada qabul qilinishi mumkin emas», — deydi Darmanen. — RIA Novosti.

Qirg‘izistonda iqtisodiy amnistiya e’lon qilindi

Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vazir Sadir Japarov iqtisodiy amnistiya e’lon qildi va noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilgan mol-mulkni davlat g‘aznasiga qaytarishlari uchun poraxo‘r amaldorlarga 30 kun muhlat berdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 30 yil ichida energetika, bojxona va soliq xizmati, dori vositalari bilan ta’minlash, litsenziyalash, yer osti boyliklaridan foydalanish va boshqa sohalarda «tizimli korrupsiya sxemalari rivojlangan». Qirg‘iziston rahbari v.b. deklaratsiya qilingan mol-mulk va daromadlarning daxlsizligini, barcha jazo turlaridan ozod qilinishini va maxfiylikni kafolatlashini ta’kidladi. — Gazeta.uz

Yanvar oyida Qozog‘iston parlamentining quyi palatasiga saylovlar bo‘lib o‘tadi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev parlamentning quyi palatasi — Majilisga saylovlarni 2021 yil 10 yanvarda o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qozog‘istonda parlament muxolifati instituti joriy etildi. Unga parlament sessiyalarining har birida kamida bir marta tashabbus ko‘rsatish, shuningdek, bir sessiya davomida kamida ikki marta hukumat soatining kun tartibini belgilash huquqi berilgan. Partiyalar ro‘yxatida ilk marotaba xotin-qizlar va yoshlar uchun 30 foizlik kvota e’lon qilindi. — Gazeta.uz

Shveysariya hukumati aholiga 7000 yevrodan to‘lash taklifini berdi

Shveysariya federal kanselyariyasi har bir fuqaroga, shu jumladan, bolalarga ham 7500 Shveysariya franki (taxminan 7 ming yevro) to‘lash haqidagi tashabbusni rasmiy axborotnomada chop etdi. Agar 2022 yil 22 aprelgacha ushbu tashabbusni 100 ming kishi qo‘llab-quvvatlasa, u referendumga qo‘yiladi. Agar referendum bo‘lib o‘tadigan bo‘lsa, unda mablag‘ tashabbus qabul qilinganidan keyin bir yillik muddatdan kechiktirmay to‘lanadi. — Gazeta.uz

Qirg‘izistonda tashqi qarzni oddiy fuqarolar hisobidan to‘lash taklif qilindi

Qirg‘iziston parlamenti deputati Aynuru Altibayeva oddiy fuqarolardan pul yig‘ib, mamlakatning tashqi qarzini, xususan, Xitoy oldidagi qarzdorlikni uzishga chaqirdi. Parlament a’zosi «Kelajak uchun» deb nomlangan maxsus kampaniya boshladi. Bankda hisob raqami ochib, u yerda mablag‘ to‘plashni rejalashtirgan. Aynuru Altibayeva ushbu tashabbus o‘ziga tegishli ekanligini va yig‘ilgan mablag‘ni nazorat qilish uchun «Eldik Kenesh» kuzatuvchilar guruhi tuzilishini ta’kidladi. Deputatning o‘zi shaxsiy oylik ish haqi — 25 500 somni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. — Gazeta.uz