O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat protsessiga jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv instituti joriy etilishi munosabati bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqdi va muhokamaga qo‘ydi.
Muhokamaga qo‘yilgan ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksi qo‘shimcha 491-bobi (Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv) hamda 4052-40515 moddalari bilan to‘ldirilishi kutilmoqda.

Jinoyat protsessidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlargi muvofiq, dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda, taraflar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Agar jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazish chog‘ida ayblanuvchining yashiringani aniqlansa, sudya ushbu ayblanuvchiga nisbatan ish yuritishni to‘xtatib turish va unga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risida ajrim chiqarish huquqiga yega bo‘ladi.

Dastlabki eshituv jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turilganda, jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish tugatilganda, jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini, ayblov xulosasini yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborilganda, ishdan nomaqbul dalillarni chiqarib tashlash to‘g‘risida taraflardan birining iltimosi mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi.

Shuningdek, qonun loyihasiga ko‘ra ayblanuvchi, himoyachi va davlat ayblovchisi jinoyat ishi materiallaridagi har qanday dalilni, agar ularni nomaqbul dalillar deb hisoblasa, chiqarib tashlash to‘g‘risida iltimosnoma berish huquqiga yega bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida jinoyat-protsessual kodeksidagi 395−405 moddalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi keltirib o‘tilgan. Xususan, 395-moddaga binoan sudya jinoyat ishini ayblov dalolatnomasi, ayblov xulosasi yoxud tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun ishni sudga yuborish to‘g‘risidagi qaror bilan qabul qilib olgach, ishni sudlovga tegishliligiga ko‘ra o‘tkazish va ishni sudda ko‘rish uchun tayinlash hamda dastlabki eshituv o‘tkazish to‘g‘risida ajrimlar chiqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Ushbu qonun 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilmoqda.

Qonun loyihasi muhokamasi joriy yilning 1 noyabrigacha davom etadi.