Yevropa Ittifoqining qator mamlakatlari COVID-19 kasalligiga chalinish holatlari ko‘payib borayotgani sababli karantin cheklovlariga qaytishmoqda. Yevropa kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, YeIning uchdan ikki qismi — 28 davlatdan 19 tasi «qizil hudud»ga kiritilgan. So‘nggi ikki hafta ichida u yerda kuniga 100 ming kishiga o‘rtacha 150 dan ortiq yangi kasallanish holatlari qayd etilgan.

«Qizil hudud» tarkibiga Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya (shu yil oxirigacha Yevropa Ittifoqining bir qismi sifatida qaralmoqda), Belgiya, Polsha, Chexiya, Niderlandiya va boshqalar kiritilgan. Italiya, Shvetsiya, Germaniya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari «to‘q sariq hududda».

14 kun ichida 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan ro‘yxatdan o‘tkazilgan yangi holatlar.

Ispaniyaning shimoliy qismida joylashgan Navarra avtonom viloyati hukumati koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun 22 oktyabrdan boshlab ikki hafta davomida viloyatga kirish va chiqish yo‘llarini to‘liq yopdi. Ilgari mamlakatda faqat alohida shaharlar yopilgan edi.

21 oktyabrdan boshlab Irlandiya aholisining o‘z uylaridan besh kilometr uzoqlikda harakatlanishi taqiqlanadi. Uzoqroq masofaga faqat ishlash yoki kasalxonaga borish mumkin. Boshqa uydagilar bilan uchrashish faqat ochiq havo sharoitida ruxsat etiladi.

Epidemiya holati yomonlashgani sababli Fransiyaning yirik shaharlarida, shu jumladan Parijda 17 oktyabrdan boshlab favqulodda holat joriy etildi, u soat 21:00 dan 6:00 gacha amal qiladi, deya xabar berdi Euronews. Hokimiyat buyrug‘ining bajarilishini nazorat qilish uchun qo‘shimcha ravishda 12 ming politsiyachi jalb qilindi.

Belgiya koronavirus bilan kasallanganlar soni ko‘payganligi sababli butun mamlakat bo‘ylab bar va restoranlarni bir oyga yopib, favqulodda holat joriy qilishga qaror qildi, deya xabar berdi RBK. Bundan tashqari, ish beruvchilar o‘z xodimlarining katta qismini masofadan turib ishlash tizimiga ko‘chirishini shart qilib qo‘yildi.

Chexiya hukumati o‘tgan hafta kafe, kinoteatrlarni yopish va sport tadbirlarini o‘tkazishni taqiqlashga buyruq bergan. Yangi qoidalar sport muxlislariga yoqmadi va boshqa fuqarolar bilan birgalikda Pragadagi cheklovlarga qarshi mitingga chiqdi, deb yozadi TJ. Tinch namoyishlar politsiya bilan qattiq to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Namoyishchilar politsiya kuchlariga qarshi pirotexnika, shisha va toshlar uloqtirishdi, politsiya namoyishchilarni suv purkagich, qalampirli gaz va rezina tayoqlar yordamida tarqatib yubordi.