Qirg‘iziston parlamentiga takroriy saylovlar taxminan 20 dekabrga belgilanishi mumkin, deb xabar berdi AKIpress mamlakat Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurjan Shildabekovaga tayanib.

Avvalroq, MSK 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Jogorku Kenesh saylovi natijalarini bekor qilgan edi. Natijalar e’lon qilingandan keyin Bishkekda muxolifatning ommaviy noroziliklari boshlandi.

Muddatidan oldingi prezident saylovlari esa parlament tomonidan belgilanadi, dedi Qirg‘iziston MSK rahbari. Ular shartli ravishda 17 yanvar kuni o‘tkaziladi, deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq Sooronbay Jeenbekov mamlakatda davom etayotgan siyosiy inqiroz ortidan prezidentlikdan ketishini e’lon qilgan edi. Avtomat ravishda davlat rahbari vazifasini bajaruvchiga aylangan parlament spikeri Kanat Isayev ham iste’foga chiqdi. Bosh vazir Sadir Japarov prezident vazifasini bajarishga kirishdi.