Niderlandiyada 89 yoshli ayol yangi turdagi koronavirus virusini qayta yuqtirganidan so‘ng vafot etdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti Oksford universiteti matbuotiga tayanib.

Olimlarning fikriga ko‘ra, qon hujayralari kasalligi va immunitet tanqisligi bo‘lgan bemor birinchi infeksiyadan taxminan ikki oy o‘tgach, ikkinchi marta yuqtirgan. Ko‘p o‘tmay uning ahvoli juda yomonlashdi va ikki haftadan so‘ng vafot etdi.

BNO nashrining ta’kidlashicha, ushbu holat qayta yuqtirishdan so‘ng dunyodagi birinchi o‘lim bo‘lgan.

Avvalroq RIA Novosti Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 infeksiyasini takroran yuqtirib olish holatlarini o‘rganish uchun maxsus guruh tashkil etganini xabar qilgan edi.

The Lancet ilmiy-tibbiy jurnali 12 oktyabr kuni COVID-19 takroran yuqishi mumkinligini tasdiqlovchi tadqiqot natijalarini e’lon qilgan edi. AQSHning Nevada shtatida yashovchi 25 yoshli fuqaro koronavirusga chalinib, davolanib bo‘lganidan taxminan bir yarim oy o‘tib qaytadan infeksiya yuqtirib olgan. Ikkinchi holatda kasallik og‘irroq kechgan, bemor shifoxonaga yotqizilib, unga doimiy kislorod ko‘magi talab qilingan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus bilan takroran kasallanish holati ilk bor Gonkongda qayd etilgan edi. 33 yoshli erkakda sog‘ayib ketganidan qariyb besh oy o‘tganidan so‘ng ikkinchi marta COVID-19 aniqlangan edi.