9 oktyabr kuni soat taxminan 00:30 larda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani «O‘rtasaroy» MFY hududida joylashgan ot fermasida karantin qoidalari qo‘pol ravishda buzilishi va ko‘pchilik yig‘ilib, tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy xo‘roz o‘yini tashkil etilayotgani aniqlandi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati Toshkent viloyat IIBB axborot xizmatiga tayangan holda.

Shundan so‘ng, viloyat ichki ishlar organlarining tungi xizmatga jalb etilgan xodimlari, bosh boshqarma tezkor xizmatlari, PPX hamda tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlaridan iborat maxsus guruh tuziladi va voqea joyiga boriladi.

U yerda haqiqatdan ham 100 nafardan ortiq fuqarolar ishtirokida tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz o‘yini tashkil etilgani, voqea joyida karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzilgani, shuningdek, ferma hovlisida xizmat ko‘rsatayotgan noqonuniy savdo shoxobchasida iste’mol uchun olib kelingan mahsulotlar mutlaqo sanitariya qoidalarga javob bermasligi aniqlangan.

Shundan so‘ng tadbir xodimlari tomonidan o‘yinlarda ishtirok etayotgan jami 124 nafar shaxslar qo‘lga olingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘yin uchun olib kelingan xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasini qo‘pol ravishda buzganliklari uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv olib borilmoqda.