Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumani Oqqo‘rg‘on mahallasida yashovchi, turmush o‘rtog‘ini urib, bolaning najasini yeyishga majbur qilgan erkak Zo’r TV telekanalining «Bu kun» dasturiga bergan intervyusida o‘z qilmishining sabablari haqida so‘zlab berdi.

Avvalroq xabar qilganimizdek, 1 oktyabr kuni 46 yoshli Rustam I. turmush o‘rtog‘ini kaltaklab, o‘ldirish bilan tahdid qilib unga farzandining najosatini zo‘rlab yedirgan, shuningdek, qizini bu jarayonlarni kamerada tasvirga olish majburlagan edi. Jabrlanuvchining so‘zlari va videoyozuvlar zo‘ravonlikka qarshi «Nemolchi.Uz» («Sukut saqlama») loyihasi tomonidan e’lon qilindi.

Xabar qilinishicha, erkak 14 yil davomida xotini va bolalarini muntazam ravishda kaltaklab, psixologik va iqtisodiy zo‘ravonliklarga duchor qilib, xo‘rlagan. Toshkent IIBB xabariga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 110-moddasi 1-qismi («Qiynoqqa solish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Rustam I. hibsga olingan.

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, 7 oktyabr kuni jabrlanuvchiga himoya orderi taqdim etilgan. Hozirda ayol va uning voyaga etmagan bolalari xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga vaqtincha joylashtirilgan.

Rustam I. intervyuda uyiga qaytsa, vannada bolasining najosati bo‘lgan tuvakni ko‘rganini aytdi.

«Bir kuni kelsam, soat kechasi 9, qizimning axlati mana shunday bo‘lib turibdi. Anavinisi (tagligi) xo‘l bo‘lib yotibdi. Qarashmagan, faqat telefonda yotishibdi. Keyin men qizimni urishdim: „Hoy, nima qilayapsizlar sizlar?“… Vannaga kirmoqchi edim, kirsam [axlat ustiga] hojatxona qog‘ozlarini tashlagan, ichida mayda pashshalar uchib yuribdi. Ko‘rmadinglarmi, meni soat 9 gacha poyladinglarmi (kutdinglarmi), desam, „Voy, endi siz yaxshi qilasiz-da, shampunlar bilan yaxshilab tozalab qo‘yasiz-da“… Keyin qizimni urishdim. „Voy, dada, o‘zingiz qilasizku, biz teginmaymizku“, — deydi», — dedi u.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, jahli chiqqan va tuvakni chanoqqa otib yuborgan. «Borib yuvinglar, axlatni hidi sizlarga yoqayaptimi, mana, yenglar shu axlatni, dedim. Shunchalik qaramabsizlar. Jahl ustida gapirdim-da, sochig‘imni olib, oshxonaga kirib yuvindim ozgina o‘zimga kelay, deb. Qizim ungacha kelib, rasmlarga olib yuribdi. Keyin kirdimda uzun yog‘och turgandi, o‘shani olib, xotinim gap qaytargandi, uch-to‘rt marta urdim qo‘liga qarab. Videoni o‘sha qizim chiqardi, o‘n uch yashar qiz, u hech narsani tushunmaydi», — deydi qo‘lga olingan shaxs.

Rustam I. 15 yil davomida bolalarining orqasidan tozalab kelganini, bu ish aslida ayol kishining ishi ekanini ta’kidladi.

«Mayli, men buni birovga gapirmasdim. Oilamizni ichida edi bu. Oxirigi gazak olib, mana bunaqasiga to‘ldirib, to‘qqizgacha o‘tirishgani, sasib, chivin to‘planib turganini ko‘rganimdan keyin… Men aybdorman, o‘zimni oqlamayman. Lekin soat 9 da bunaqa ish qilish kerak emas edi», — dedi u.

Tuman IIO FMB katta tergovchisi Dilmurod Xo‘janov ayblanuvchi qisman o‘z aybini tan olgani, o‘z harakatlarini qasddan sodir etmagani, g‘azab ustida qilganini keltirib o‘tganini ma’lum qildi. Jabrlanuvchilar, guvohlar, voyaga yetmagan ikki nafar farzandi, qo‘ni-qo‘shnilari, yaqin qarindoshlari so‘roq qilinib, ko‘rsatmalari olinib, yakuniy qaror qabul qilinadi. Tergov davom etmoqda.