O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini kuni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, unga birodar tojik xalqi farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, Hukumatlararo komissiya qarorlarini bajarish hamda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yangi kun tartibini ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi. Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Prezidentlar Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat rahbarlarining Qirg‘iz Respublikasidagi vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonoti qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muloqot so‘ngida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikkala tomonning ham intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonning amaldagi prezidenti 11 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda 90,92 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozongan edi. Saylovda qatnashuvchilar 85,39 foizni tashkil etdi. Bu Emomali Rahmon uchun beshinchi prezidentlik davri.