O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarni batafsil ko‘rib chiqdilar. Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi», — deyiladi xabarda.

Suhbat davomida koronavirusning global miqyosda tarqalishi oqibatlarini samarali yengib o‘tish maqsadida amaliy hamkorlik bo‘yicha, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, tranzit, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan o‘tgan oyda o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali natijalari ijobiy baholandi.

Davlat rahbarlari Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar rivojiga alohida to‘xtaldilar. Ushbu mamlakatdagi vaziyat Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga muvofiq holda tez fursatda barqarorlashishi zarurligi qayd etildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham telefon orqali muloqot qilib, Qirg‘izistondagi vaziyat bo‘yicha fikr almashgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni saylov natijalaridan norozi bo‘lgan bir necha ming kishi Bishkek ko‘chalariga norozilik namoyishlariga chiqdi. Namoyishchilar Oq uyni (parlament va prezident ma’muriyati joylashgan), shahar hokimligi va hukumat binosini egallab olishdi. Shuningdek, ular mamlakatning sobiq rahbari Almazbek Atambayevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasidan ozod qilishdi. Yakunda Qirg‘iziston saylovlari va referendumlari bo‘yicha markaziy komissiyasi saylovlardagi ovoz berish natijalarini bekor qildi. Huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlar chog‘ida bir kishi halok bo‘ldi, 686 kishi jarohatlandi.