O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs davlat tili bo‘yicha imtihondan o‘tishi kerak bo‘ladi. 28 sentyabr kuni hukumat qarori bilan qabul qilingan nizomda bu haqda so‘z boradi.

Nizomga ko‘ra, fuqarolikka qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Sinov imtihoni hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng 1 oy muddatda test, yozma yoki og‘zaki shakllarda o‘tkaziladi. Sinov imtihonlari natijalari 3 kun muddatda e’lon qilinadi. Sinov imtihoni yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball olgan talabgorlar sinov imtihonidan o‘tmagan hisoblanadi hamda sinov imtihoni o‘tkazilgan kundan boshlab kamida 1 oydan keyin qayta qatnashish uchun ariza bilan murojaat qiladi (qayta to‘lovni amalga oshirgan holda).

Sinov imtihonini topshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida (44 600 so‘m) to‘lov to‘lanadi. Sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga davlat tilini bilish to‘g‘risidagi malaka sertifikati beriladi va u muddatsiz amal qiladi.

Shuningdek, hukumat qarori bilan Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga olinish huquqiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar toifasiga vatandosh va uning oila a’zolari ham kiritildi.

Joriy qilingan tartiblarga ko‘ra:

  • tug‘ilganlik guvohnomasi rasmiylashtirishda O‘zbekistonda tug‘ilgan bola ota yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim orqali ro‘yxatga olinadi;
  • 16 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ota-onasining ro‘yxatga olingan manziliga ro‘yxatga olinadi;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning qarindoshlarini doimiy ro‘yxatga olishda, turar joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanilmaydi;
  • «Faxriy fuqaro» maqomi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini doimiy ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji undirilmaydi.

Shuningdek, qaror bilan, O‘zbekiston hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.