Nursultonda sud Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining sobiq mas’ul kotibi Anarbek Karashevga qarshi hukm chiqardi. Shuningdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Yerik Utembayev ham sudlandi, deya xabar berdi Tengrinews.kz.

Qayd etilishicha, dastlab Karashevning harakatlariga elchixona binosi qurilishiga ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilishdan iborat, deb baho berilgan edi. Biroq sud tergovi jarayonida ayblov vakolatni suiiste’mol qilish deb qayta malakalangan .

Prokurorning talqini bo‘yicha, Anarbek Karashevning sherigi sobiq elchi Yerik Utembayev bo‘lgan.

Sud Anarbek Karashev va Yerik Utembayevning birinchi marta jinoiy javobgarlikka tortilayotgani hamda qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligini hisobga oldi. Ularga ikki yillik ozodlikni cheklash (moddada yetti yilgacha ozodlikni cheklash yoki mahrum etish ko‘zda tutilgan) jazosi belgilandi. Ular davlat xizmatida ishlash huquqidan umrbod mahrum etildi.

Yerik Utembayev 2016 yilda elchi lavozimiga tayinlangan. Ikki yil o‘tgach, u vaqtincha o‘z lavozimidan chetlashtirildi. U juda katta miqdordagi byudjet mablag‘larini talon-toroj qilishda gumonlangan. O‘shanda Davlat xizmatlari va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Yerik Utembayev mas’ul lavozimda ishlab turgan holda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasining ma’muriy binosi qurilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi soxta hujjatlarni imzolaganini xabar qilgan edi. Tergov organi yetkazilgan zarar 140 mln tengedan (329 ming dollarga yaqin — tahr.) ko‘proqni tashkil etganini ma’lum qildi.