O‘zbekistonda 2019 yilda har 100 oilaga o‘rtacha 55 ta kompyuter to‘g‘ri kelgan, deya xabar berdi Spot Davlat statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulovga tayanib. Ma’lumotlar mamlakat uy xo‘jaliklarini tanlov asosida o‘rganish asosida aniqlandi. Kompyuterlar soni 2018 yilda 52 ta, 2017 yilda esa 50 tani tashkil etgan.

2019 yilda televizorlar soni kompyuterlarga qaraganda uch barobar ko‘p bo‘ldi, ya’ni har 100 oila uchun 160 ta (2018 yilda — o‘rtacha 155 ta, 2017 yilda — o‘rtacha 154 ta). Avtomobillar soni esa har 100 oila uchun 47 ta (44 va 44) bo‘ldi. Bundan tashqari, har yuz oilaga 282 mobil telefoni (262 va 257) to‘g‘ri kelgan.

Avval xabar qilinganidek, 2018 yilda O‘zbekistonda 1000 kishiga 83 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan. 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 1000 kishi uchun 237 taga ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.