Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq rahbari Suma Chakrabarti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda Suma Chakrabarti o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi.

«Men [prezident Shavkat Mirziyoyevga] islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam berishni orziqib kutaman», — deya yozgan Suma Chakrabarti.

Shuningdek, u Qozog‘iston Prezidenti Kasim-Jomart Tokayevning iqtisodiy rivojlanish va samarali boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlanganligini ham ma’lum qildi.

Suma Chakrabarti 2012 yil iyulidan 2020 yil iyuligacha YeTTB prezidenti bo‘lib ishlagan. YeTTBni boshqarishdan oldin u Buyuk Britaniyaning Xalqaro taraqqiyot vazirligi (2002−2007) va Adliya vazirligining (2007−2012) doimiy kotibi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni YeTTB prezidenti Suma Chakrabartini qabul qilgan edi. Shuningdek, 11 iyun kuni ham prezident Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokaralar o‘tkazdi va suhbat davomida yangi islohotlar yo‘li muhokama qilindi. 14 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabartini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi.