Hozirgi kunda O‘zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bor shaxslar istiqomat qilmoqda. Bu haqda Senatning yettinchi yalpi majlisida Mahmud Parpiyev aytib o‘tdi.

«Hozirgi kunda mamlakatimizda 700 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qilmoqda. Ular ham jamiyatning barcha a’zolari kabi insoniy e’tiborga, g‘amxo‘rliklarga ega, huquq va erkinliklari kafolatlangan toifa hisoblanadi», — dedi Mahmud Parpiyev.

Shuningdek, xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan maktablardagi o‘quvchilar soni 21 mingdan 34 mingga yetgan.

Ma’lumot uchun, Senatning yettinchi yalpi majlisida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun ma’qullandi.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi, murojaat qiluvchi 10 kalendar kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo‘lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o‘rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta’lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko‘zda tutiladi. Kasb-hunarga o‘rgatish, kollej va texnikumlarda ta’lim olishlari davlat hisobidan ta’minlanadi. Oliy ta’limda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.

Shuningdek, mahalliy hokimliklar nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog‘ida yordam olish, shu jumladan uyida va yashash joyida xizmatlar ko‘rsatilishi huquqi ta’minlanadi.

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

«BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, «nogiron» so‘zi o‘rniga «nogironligi bo‘lgan shaxs» atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi Mahmud Parpiyev.