AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) «Suv, ta’lim va hamkorlik» (Smart Waters) loyihasi doirasida Buxoro viloyatidagi Yomonjar kanalini qayta tiklash ishlarini moliyalashtirdi. Bu haqda AQSH elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan birgalikda Buxoro viloyatidagi Yomonjar irrigatsiya tizimini yangilashga bag‘ishlangan virtual tadbirni Toshkentda ochishdi. Qayta tiklash ishlari Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) amalga oshirayotgan «Suv, ta’lim va hamkorlik"(Smart Waters) loyihasi doirasida AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Yomonjar O‘zbekistonning eng qurg‘oqchil hududlaridan biri bo‘lib, u O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida joylashgan sug‘orish kanalidir. Gidropostlar va o‘lchash uskunalarining mavjud emasligi sababli fermerlar o‘rtasida suv taqsimotining muvofiqlashtirilmaganligi hududdagi asosiy muammo edi. 1978 yilda qurilgan kanal O‘zbekistonning Buxoro viloyati Qorako‘l va Olot tumanlaridagi 8000 gektar yerni sug‘orish uchun asosiy kanal — Amu-Buxorodagi suvni yo‘naltiradi, uning umumiy uzunligi 32,5 km bo‘lib, qariyb 34 ming kishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu kanalda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan qayta tiklash ishlari to‘siq inshooti, gidropost qurish, suv chiqarish joylarini rekonstruksiya qilish hamda kanal o‘zanini betonlashtirishni o‘z ichiga oldi.


Foto: AQSH elchixonasi matbuot xizmati

«Suv — bu hayot: u har qanday iqtisodiyotning o‘sishi, mintaqaviy tinchlik va barqarorlik hamda jamoaviy farovonligimiz uchun juda muhimdir. Qayta tiklangan Yomonjar kanali suvni tejash va uni mahalliy fermerlarga sug‘orish uchun taqdim etish bo‘yicha mahalliy hamjamiyatlar tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, bu ham o‘z navbatida iqtisodiy rivojlanish uchun ahamiyatlidir. Ushbu kanalni qurish va tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlaganimizdan juda mamnunmiz», — dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Rozenblyum.

Bundan tashqari, qayta tiklangan kanal ikki tuman o‘rtasida suv iste’molini hisobga olish va bu boradagi hisobotni takomillashtirishga, suv resurslarini boshqarishda shaffoflikni ta’minlashga hamda samaradorlikni oshirish va kanal o‘zanining infiltratsiyasini qisqartirish orqali suv yo‘qotishlarini kamaytirishga imkon berishi ma’lum qilindi.