3 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, sudlarda ishlarni ko‘rishda ko‘pgina vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqda.

Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqich vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;
  • sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish;
  • maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
  • sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;
  • sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish.

Shuningdek, dasturga ko‘ra,

  • 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
  • 2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
  • 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
  • 2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;
  • 2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
  • 2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
  • sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash vazifalari qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi «Adolat» axborot tizimlari kompleksi joriy etilishi belgilandi. Uning yordamida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va advokatlar sudlarga da’volar, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda yuborishlari mumkin va manfaatdor shaxslar ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini onlayn tarzda kuzatib borishlari mumkin.

Oliy sudga 2020 yil oxiriga qadar videokonferensiyalar orqali sud majlislarida qatnashish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish va uni joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yil oxiriga qadar jazoni ijro etish muassasalaridagi maxsus xonalar videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlanishi kerak.