COVID-19 koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini bartaraf etish uchun O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi, deya xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) matbuot xizmati.

3 sentyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Erkin Asrandiyev videoselektor shaklida ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya, savdo-transport va logistika sherikligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

ITSV matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb besh baravar o‘sib, 2019 yil oxirida ushbu ko‘rsatkich 818,4 mln dollarni tashkil etdi.

Tomonlar, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish va tasdiqlash hamda amalga oshirilishini boshlashga kelishib olishdi.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, «Andijon — O‘sh — Irkeshtam — Qashg‘ar» uchastkasida avtomobil transportidan foydalangan holda «O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy» yo‘lagi bo‘ylab multimodal yuk tashishlari ishga tushirilganligini mamnuniyat bilan ta’kidlashdi.

ITSV ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil oxirida ikki mamlakat o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 10,7 foizga o‘sib, 1,47 mln tonna, avtomobil yo‘llarida esa 38,2 foizga o‘sib, 1,49 mln tonnani tashkil etdi.

Tomonlar chegara nazorat punktlaridagi yo‘llarning o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va yo‘lovchilar, transport vositalari va yuklarning tranziti uchun sharoitlarni yaxshilash, jumladan, bojxona, sanitariya, transport va chegara nazorati jarayonlarini raqamlashtirish orqali birgalikda choralarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, kombinatsiyalashgan yuk tashishlarni tashkil etish maqsadida qo‘shma logistika xablarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi, deya qo‘shimcha qildi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.

Sardor Umurzoqov va Erkin Asrandiyev konferensiya davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-qirg‘iz hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalalarini ham ishlab chiqishdi. Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida investitsiya, savdo, transport-logistika hamkorligi masalalarining tezkor ravishda kelishish bo‘yicha mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.