O‘zbekistonda Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil etiladi. Bu prezidentning 2 sentyabrdagi mamlakatda pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish to‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 iyulga qadar respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shohli nasldor mollarni ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, teri va junni qayta ishlash, go‘sht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish bo‘yicha qorako‘lchilik klasterlari tashkil qilinadi.

Klasterlarga qorako‘l zotli qo‘ylarini boqishga mo‘ljallangan, shu jumladan, o‘rmon bilan qoplanmagan o‘rmon fondi yerlaridan yaylovlar ijaraga beriladi.

Klasterlarga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda mayda shohli nasldor mollarni ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlar yuklanadi.

Klasterlar Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab klasterlarga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 17 yanvardagi «Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-4567-son qarori 2-bandida nazarda tutilgan 120 million so‘mgacha miqdorda subsidiyalar berish tartibi qo‘llaniladi.

Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi a’zolari — klaster ishtirokchilariga mayda shohli nasldor mol xarid qilish va ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, ozuqa bazasini yaratish, yarim tayyor va tayyor, shu jumladan, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish, teri va junni qayta ishlash hamda binolarni rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash loyihalarini moliyalashtirish uchun 2020−2023 yillarda ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, loyihalar hajmi, soni va ularni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan valyuta turidan qat’i nazar, tijorat banklari tomonidan o‘rnatilgan foiz stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiyalar beriladi.

Uyushma a’zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.