Xalq ta’limi vazirligi (XTV) ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya sharoitida maktab faoliyatini tashkillashtirish uchun o‘qituvchilardan talab etilayotgan turli sanitariya-gigiyena vositalari aks etgan ro‘yxatlar tarqalayotganiga izoh berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mazkur masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda ularni hududlarga yetkazish bo‘yicha mutasaddi vazirliklarga topshiriqlar berildi. Maktablarni dezinfeksiya va antiseptik vositalari bilan ta’minlashga esa viloyat hokimliklari mas’ul etib belgilandi», — deyiladi XTV bayonotida.

O‘zbekiston prezidentining «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, xususan tegishli hududda umumta’lim muassasalariga yordam ko‘rsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan, deya ta’kidladi vazirlik.

Shu sababli maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etishda qo‘llaniladigan dezinfeksiya vositalarining birortasi ham o‘qituvchilar tomonidan xarid qilinmasligini, ota-onalar tomonidan esa faqatgina farzandining sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishlari uchun tibbiy niqob va shaxsiy antiseptiklar bilan ta’minlanishini ma’lum qilamiz", — deya ma’lum qildi XTV.

Pandemiya sharoitida umumta’lim maktablarga pirometr, dezinfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar markazlashgan xolatda yetkazib beriladi.

Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilardan maktablarida bu kabi holat kuzatilayotgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlarga murojaat qilishlarini so‘radi.