Yerusti metro liniyasidagi «Do‘stlik 2 — Qo‘yliq» yo‘nalishi ishga tushdi, deya xabar berdi Transport vazirligining matbuot xizmati.

«Toshkent metropolitenining yangi yerusti xalqa yo‘lining „Do‘stlik-2“ bekatidan „Qo‘yliq“ bekatigacha harakat 30.08.20 yil soat 06:00 dan yo‘lga qo‘yildi», — deyiladi xabarda.

Shu o‘rinda qayd etilishicha, «Do‘stlik» bekatidan «Do‘stlik-2» bekatiga o‘tish bepul.

Ma’lumot uchun, «Do‘stlik-2» bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan mazkur yo‘nalish uzunligi 11 kilometr bo‘lib, 7 ta bekat barpo etilgan. Birinchi bekatdan oxirgisigacha 19 daqiqada yetib olish mumkin. Bu masofada har biri 4 ta vagondan iborat 4 ta poyezd qatnaydi. Ushbu yo‘nalish kuniga 46 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, 29 avgust kuni Toshkent yerusti halqa metrosining birinchi bosqichi ishga tushgani haqida xabar bergandik. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, jamoatchilik bilan birga poyezdda yurdi.

Shuningdek, «Qo‘yliq» bekatida yerusti halqa metrosining keyingi bosqichlar qurilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgandi. Unga ko‘ra, ushbu loyihaning umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod bo‘lib, beshta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda Qo‘yliq bozori bilan Toshkent yerosti metrosining «Olmazor» bekati bog‘lanadi. Uchinchi bo‘lib «Beruniy», undan keyin «Bodomzor» bekatigacha bo‘lgan qism quriladi. So‘nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana «Do‘stlik» bekatiga ulanadi. Bu yo‘llarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr, bekatlar 35 ta bo‘ladi.