O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatchilari, turli sohalar vakillari, tibbiyot xodimlari, harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarini mukofotlash to‘g‘risidagi bir qator farmonlarga imzo chekdi. Chet el fuqarolari va xorijda yashayotgan vatandoshlar ham mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalari sohalari xodimlaridan bir guruhi turli davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda o‘zini isbotlagan bir guruh tibbiyot xodimlarini mukofotlash to‘g‘risidagi hujjatda vafot etgan holda to‘rt nafar mutaxassis «Jasorat» medali bilan taqdirlangan:

  • Ne’matov Odiljon Nizomiddinovich — Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining o‘pka sili jarrohligi bo‘limi mudiri;
  • Rustamov Farrux Farhodovich — Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi anesteziolog-reanimatologi;
  • Sharipova Venera Vasilevna — Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi bosh hamshirasi, Toshkent shahri;
  • Shukrullayev Bahrom Karomovich — Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika shifokori, Toshkent shahri.

Boshqa bir farmon bilan mukofotlar chet el fuqarolari va xorijdagi vatandoshlarga berildi. Jumladan, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti rektori Anatoliy Torkunov va Yaponiya bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri, Yaponiya parlamentidagi O‘zbekiston bilan Do‘stlik ligasi raisi Taro Aso «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, mukofot Singapurning Indorama Corporation kompaniyasi direktori Prakash Kejrival va ilgari AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari bo‘lgan Yexxon Mobil xalqaro hamkorlik bo‘yicha katta maslahatchisi Elis Uellsga ham nasib etdi.

Chet elda yashovchi vatandoshlar orasida mukofotlarni Xitoy va Rossiyadagi Butunjahon O‘zbekiston yoshlari assotsiatsiyasi vakillari, ishbilarmonlar va nemis tili o‘qituvchisi oldi.

Shuningdek, bir guruh davlat xizmatchilari va ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi xodimlarga tegishli mukofotlar topshirildi. Mukofotlanganlar ro‘yxatiga vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlar hokimlari, yirik davlat kompaniyalari va tashkilotlari rahbarlari kiritilgan.

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi bo‘ldi, qurilish vaziri Botir Zokirov esa «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, energetika vaziri Alisher Sultonov, Navoiy viloyati hokimi Kobul Tursunov, shuningdek, «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov va «O‘zbekiston havo yo‘llari» rahbari Baxtiyor Hakimov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.

Mamlakat Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni ta’minlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani uchun bir guruh harbiy xizmatchilar mukofotlandi. «Jasorat» medali vafotidan so‘ng uch kishiga va bir nafar bedarak yo‘qolganga topshirildi:

  • Abdulvoxidov Abdulxodi Abdulaziz o‘g‘li — O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Namangan viloyati qo‘riqlash boshqarmasi guruh safdor xodimi;
  • Kaypnazarov Yesemurat Kalbayevich — Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i;
  • Suyunov Hazrat Karomatovich (bedarak yo‘qolgan) — Milliy gvardiya harbiy qism guruh mutaxassisi;
  • Suyarov Xusniddin Zokirovich — Milliy gvardiya harbiy qism guruh mutaxassisi.