Mo‘ynoq shahridagi aeroport qayta ta’mirlanib, yangi ko‘rinishda ishga tushirildi, deya ma’lum qildi Qoraqalpog‘iston xabar agentligi.

26 avgust kuni yangi ushbu aeroportga Toshkentdan yo‘lovchi parvozini amalga oshirgan Airbus A-320 samolyoti qo‘ndi.


Foto: Qoraqalpog‘iston xabar agentligi

Ma’lumot uchun, Mo‘ynoq aeroporti 1947 yilda qurilgan bo‘lib, u 3-toifaga ega aerodrom sifatida «An-24», «Yak-40» va boshqa yengil samolyotlarni va barcha turdagi vertolyotlarni qabul qila olgan.

2019 yilning yanvar oyida Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Mo‘ynoq tumani barcha zaruriy infratuzilmaga, jumladan, innovatsion maktab, sport ob’ektlari, davolash-profilaktika muassasalari, zamonaviy aeroport, mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar dam olish markazlariga ega bo‘lgan zamonaviy shaharchaga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.