25 avgust kuni O‘zbekiston Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati avtomobil oynasiga parda o‘rnatish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi boshlagan ma’muriy huquqbuzarlik ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

IIV Oliy sudga Buxoro shahar ma’muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi qarori va Buxoro viloyati ma’muriy sudining 2019 yil 2 oktyabrdagi qarori ustidan nazorat tartibida shikoyat kiritgan edi.

Qayd etilishicha, B. Baxranov 2019 yil 18 aprel kuni Buxoro ko‘chalari bo‘ylab Nexia avtomobilida harakatlanish vaqtida YHXB xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv vaqtida avtomashinaning orqa yon eshik oynalariga parda o‘rnatgani uchun unga nisbatan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 3-ilovasi 7.3-bandi talablarini buzganligi uchun MJtK 126-moddasining 1-qismi (ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

2019 yil 6 sentyabr kuni Buxoro shahar ma’muriy sudi tomonidan fuqaro B. Baxranovga nisbatan MJtK 126-moddasi 1-qismi bo‘yicha yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishi ko‘rib chiqilgan.

Sud ish bo‘yicha huquqbuzar va mutaxassislarning ko‘rsatmalari hamda prokuror fikrini tinglab, ishda mavjud va sud majlisi davomida aniqlangan holatlar va to‘plangan hujjatlarga asoslanib ko‘ra B. Baxranovning harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli ishni tugatishni lozim deb topgan.

Xususan, sudda mutaxassis sifatida so‘ralgan Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi xodimi F. Irisov O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan davlatlararo standartda (GOST 33988−2016) avtotransport vositalarini orqa yon eshik oynalariga parda o‘rnatish taqiqlanishi haqidagi qoidalar mavjud emasligini ta’kidlagan. Shuningdek, amaldagi texnik reglamentga ko‘ra, parda o‘rnatilgan oynada yorug‘lik o‘tkazuvchanligi darajasini tekshirish imkoni mavjud emasligi, chunki mazkur tekshiruv faqatgina tusi o‘zgartirilgan oynalarda yorug‘lik o‘tkazuvchanligini tekshirishni nazarda tutishi, parda o‘rnatilishi oynalarni tusini o‘zgartirish (qoraytirish) hisoblanmasligini bayon qilgan.

2019 yil 2 oktyabr kuni Buxoro viloyati ma’muriy sudida Buxoro shahar ma’muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi qaroriga nisbatan Buxoro viloyat IIB YHXB tomonidan keltirilgan kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgan. Kassatsiya instansiyasi sudining qaroriga muvofiq Buxoro shahar ma’muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi B. Baxranovga oid qarori o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirishsiz qoldirilgan.

Shunday qilib, Oliy sud Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati Buxoro shahar ma’muriy sudining 2019 yil 6 sentyabrdagi va Buxoro viloyati ma’muriy sudining 2019 yil 2 oktyabrdagi qarorlarini o‘zgarishsiz qoldirdi.