O‘zbekiston Transport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda xorijdagi fuqarolarni olib kelish uchun tashkil etilayotgan charter repatriatsiya reyslari chiptalari juda qimmat narxlarda sotilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha izoh berdi.

Vazirlik xabarida keltirilishicha, bu kabi xabarlarni qoldirayotgan fuqarolar aslida turoperatorlar tomonidan amalga oshirilayotgan tijoriy charter qatnovlarining chipta narxlari xususida fikr bildirmoqda.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 7 iyuldagi 33-son bayoniga muvofiq, bugungi kunda «Atlanta Air», «Asia Lux», «Oltin Vodiy», «Anzur Travel», «Real Avia Business», «Don Avia Trans», «Jalolquduq avia trans»,"Otpusk.uz" kabi yigirmadan ortiq xususiy turoperatorlar tomonidan bir qator yo‘nalishlarda tijoriy charter qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda. Turoperatorlar tomonidan tashkil etilgan tijoriy charter qatnovlari orqali shu bugungi kunga qadar 3 000 nafardan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga olib kelindi.

Transport vazirligi turoperatorlar va avikompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan tijoriy charter qatnovlarining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq tashkil etilayotgan charter repatriatsiya reyslarga aloqasi yo‘q ekanligini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq, Uzbekistan airways aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan charter repatriatsiya reyslari chipta narxlari eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan yo‘nalishlar:

  • Moskva — Toshkent 397 dollar;
  • Istanbul — Toshkent 353 — 400 dollar;
  • Dubay — Toshkent 366 dollar miqdorida bir tomonga realizatsiya qilinmoqda.