Juma kuni butun O‘zbekiston hududida ob-havo ochiq va issiq bo‘ladi, harorat 32−37 darajani tashkil qiladi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Dam olish kunlari respublika hududiga xorijiy janubdan issiq va quruq oqim kirishi kuchayadi. Mamlakatning katta qismida ob-havo kam bulutli bo‘ladi. Harorat ko‘tarilib yakshanba kuni kunduzi 37−39 darajagacha yetadi. Bu me’yordan 4−6 darajaga yuqoridir.

23 avgustda respublikaning shimoliy tumanlarida Kavkaz hududidan kiradigan kam nam havo hisobiga ob-havo o‘zgaradi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida bulutlilik ortadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, faqat Orolbo‘yi tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Keyingi hafta boshida O‘zbekiston hududining katta qismida bulutlilik ortadi, biroq yuqori harorat foni saqlanib turadi, faqat respublikaning shimoliy tumanlarida harorat 28−33 darajagacha pasayadi.

23 avgustda shimoliy viloyatlarda, 24 avgustda barcha viloyatlar bo‘yicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi mumkin, deydi sinoptiklar.