Dam olish kunlari respublika hududida havo vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi harorat 33−38 daraja atrofida bo‘ladi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi quruq va mo‘’tadil issiq havo oqimi ta’sirida bo‘ladi.

Bu kunlarda havo harorati mamlakat hududining katta qismida kechasi 18−23 darajani, kunduzi 33−38 darajani tashkil qiladi, janubda 40 darajagacha isiydi.

Shamolning tezligi kuchsizdan o‘rtachaga yetishi mumkin, shimoliy hududlarda sekundiga 17−22 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda uning shiddati sekundiga 23−28 metrni tashkil qilishi mumkin.

Bunday ob-havo sharoitlari O‘zbekistonda avgustning o‘rtasi uchun xosdir. Odatda bu davrda respublikada havo kam bulutli bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kamdan-kam kuzatiladi va asosan juda oz miqdorda yog‘adi. Bu vaqtda respublika hududining katta qismida o‘rtacha maksimal harorat 35 darajaga yaqindir, deydi sinoptiklar.