Yangi o‘quv yilida 1200 ta maktabda elektron kundalikdan foydalaniladi. Ota-onalar qog‘oz kundalik sotib olishlariga to‘g‘ri kelmaydi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Elektron kundalik Kundalik.com sayti orqali yuritiladi. Sayt TAS-IX zonasida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlaganda barcha operatorlar, jumladan mobil operatorlar tomonidan internet-trafik sarflanmaydi.

Elektron kundalik onlayn rejimda maktabdagi barcha voqealar va baholardan xabardor bo‘lish, sinf rahbarlari va boshqa o‘qituvchilar bilan aloqani ushlab turish hamda bolaga ta’lim jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga o‘z vaqtida yordam berish imkonini yaratadi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab respublikaning 1200 ta maktabida qog‘oz kundaliklar va jurnallar bekor qilinadi.

«Bu bir tomondan o‘qituvchilarni qog‘oz jurnallarni to‘ldirish va hisobotlarni qo‘lda yozishga ketadigan vaqtlarini iqtisod qilish bilan birga ota-onalar va maktab orasida elektron hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Kundalik.com ga obuna bo‘lish bahosi esa qog‘oz kundalikning o‘rtacha bahosiga teng (bir yilga 10 ming so‘m). Dastlabki oy davomida ota-onalar tizimdan sinov tariqasida foydalanish imkoniyati mavjud.

Foydalanuvchilar haqidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi.