Oliy Majlis palatalari endi xo‘jalik boshqaruv organlari rahbarlarining axborotini eshitish vakolatiga ega bo‘ldi, deya ma’lum qildi Adliya vazirligining matbuot xizmati. «Qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Jumladan, «Parlament nazorati to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, Oliy Majlis palatalari Hukumat a’zolaridan tashqari, endilikda xo‘jalik boshqaruv organlari ustidan ham parlament nazoratini o‘rnatish vakolatiga ega.

Shu bilan birga qonunda, Parlament tekshiruvlari Oliy Majlis palatalarining nafaqat qo‘shma qarorlari, balki, alohida qarorlari asosida ham o‘tkazilishi mumkin.

Bundan tashqari, aholini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan parlament va senator so‘rovlari kimning nomiga yuborilgan bo‘ls,a o‘sha mansabdor shaxs yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs tomonidan javob beriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda xo‘jalik boshqaruv organlari qatoriga «O‘zbekneftegaz» AJ, Uzbekistan Airways AJ, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari va boshqalar kiradi.