Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek shaharchasining aholisi shaharchani Toshkent viloyatining Qibray tumani tarkibiga o‘tkazish taklifiga qarshi chiqdi. Tashabbuskor fuqarolar «Gazeta.uz»ga ularning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yozilgan ochiq xatini nashr etishni so‘rab murojaat qilishdi. Ochiq xatni 2700 nafarga yaqin shaharcha fuqarosi imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi.

Loyihaga ko‘ra, o‘zgarishlar Ulug‘bek shaharchasiga ham ta’sir qiladi («Ulug‘bek» mahallasi, aholisi — 7120 kishi, yoshi katta aholisi — taxminan 80%).

«O‘zbekiston 24» telekanali efirida prezident poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli, 385 gektar maydonga ega bo‘lgan Ulug‘bek shaharchasini Toshkent viloyatiga berish to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagani ma’lum qilindi. Shaharchaning Qibray tumanining ma’muriy markaziga aylanishi kutilmoqda.


Qurilish vaziri Botir Zokirov. Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali.

«Buni prezidentimiz takliflari bilan ma’qullab berdilar. Bu yerda endi Qibray tumani ma’muriy markazi qilish bo‘yicha topshiriq berildi, chunki Qibray tumani — juda katta tuman, lekin shu kungacha, ming afsus, uning bir markazi yo‘q edi. Ulug‘bek posyolkasi oldin Mirzo-Ulug‘bek tumaniga qarardi va, ming afsus, shu Mirzo-Ulug‘bek tumanidan yiroqda joylashganligi, anklav holatda bo‘lgani uchun, bu posyolkaga e’tibor yo‘q edi, rivojlanish darajasi qanday holatda bo‘lgan bo‘lsa, shu holda qolgan. Mana endi Qibray tumani ma’muriy markazi shu Ulug‘bek posyolkasi tashkil qilish bo‘yicha chuqur o‘rganib tahlillar asosida takliflar tayyorlandi va bu ma’qullandi», — deya ta’kidladi Botir Zokirov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning yozida Ulug‘bek shaharchasidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrif buyurgandi. Davlat rahbari ushbu shaharchaning Bosh rejasini ishlab chiqib, shaharchani ilm-fan rivojlanishi uchun barcha sharoitlarga ega olimlar shaharchasiga aylantirish taklifini bergandi. Prezident shaharcha hududini kengaytirib, institutlar uchun binolar, yangi uy-joylar, maktab va dam olish maskanlari qurish, shahar markazi bilan transport qatnovini yaxshilash, yer usti metrosi olib kelish zarurligini ta’kidlagandi.

Shaharchada yashovchi Jamshid Tursunovning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, Ulug‘bek shaharchasi Toshkent viloyatining Qibray tumani tarkibiga o‘kazilish loyihasi haqidagi axborot OAVda paydo bo‘lgandan so‘ng, aholi ushbu muammoni muhokama qilish uchun «Soxranim gorodskoy status» («Shahar maqomini saqlaylik» — tarjima tahr.) (hozirda 1600 dan ortiq a’zosi bor) Telegram guruhi ochildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentga shaharchani Toshkent viloyati tarkibiga o‘tkazmaslik iltimosi bilan ochiq xat tayyorlanib, unga 2700 nafarga yaqin shaharcha fuqarosi imzo chekkan. «Gazeta.uz» ushbu maktub matnini qisqartirish bilan nashr etadi.


Muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev! Sizga samimiy hurmatimizni izhor etgan holda, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish, demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekistonning xalqaro nufuzini ko‘tarishga qaratilgan, demokratiya g‘oyalariga sadoqat tuyg‘usini uyg‘otadigan, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni hal etishga qaratilgan hukumat qarorlari va qonun hujjatlari ahamiyatini yurakdan his qilib, biz, Ulug‘bek shaharchasi aholisi, o‘zimizni tashvishga solayotgan muammo bilan Sizga murojaat qilyapmiz.


Ulug‘bek shaharchasini Toshkent shahar tarkibida saqlab qolish uchun aholining imzolari.

[…]

Ushbu xabar [Ulug‘bek shaharchasi hududini ma’muriy nuqtai nazardan Toshkent viloyatining Qibray tumani tasarrufiga o‘tkazilishi — tahr.] shaharcha aholisi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti (O‘zR FA YAFI) uchun kutilmagan bo‘lib, odamlar orasida ijtimoiy tanglik va noroziliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi, chunki xalq muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrini 2041 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish bo‘yicha Bosh reja loyihasini ishlab chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaror loyihasida faqat Toshkent shahriga qo‘shilishi rejalashtirilgan hududlar ko‘rsatilgan, ammo shahardan viloyat tasarrufiga o‘tkaziladigan hududlar to‘g‘risida birorta ham so‘z aytilmagan, jumladan Ulug‘bek shaharchasi haqida ham hech narsa aytilmagan yoki muhokama ham qilinmagan. Shuning uchun, shaharcha aholisi bu xabarni o‘zlarining konstitutsiyaviy va fuqaroviy huquqlariga nisbatan kamsitish, deb hisoblashadi.

Ulug‘bek shaharchasi 1956 yilda, Yadro fizikasi instituti bilan bir vaqtda, sobiq O‘zSSR rahbariyati va O‘zbekistonning o‘sha davrdagi taniqli olimlari tashabbusi bilan barpo etilgan. O‘zR YAFI mamlakatning jahon miqyosida nufuzli o‘ringa ega yadroviy markazi hisoblanadi. Sizning tashabbusingiz va qo‘llab-quvvatlashingiz natijasida 2017 yili YAFI faoliyati qayta tiklanib, hayotga qaytdi. O‘shanda ядро fizikasi fanining yanada ривожлинишиga umid bog‘lagan ko‘plab olimlar yangi ilmiy zafarlar sari shaylanishgan edi.

Biz Sizning Yadro fizikasi institutiga 2018 yil 20 iyuldagi tashrifingiz va Ulug‘bek shaharchasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkent shahar hokimligiga bo‘ysunuvchi zamonaviy Olimlar shaharchasi yaratilishi haqidagi dasturiy nutqingizni ham yaxshi eslaymiz. Bu biz uchun Ulug‘bek shaharchasining kengayishi, 20 dan ziyod ilmiy-tadqiqot institutlarining shaharchaga ko‘chirilishi, infrastrukturaning rivojlanishi, jumladan yangi turar joylar, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda ijtimoiy-maishiy ob’ektlarning qurilishi va transport tarmog‘ining kengayishini anglatgan.

Bu xushxabar Yadro fizikasi instituti hamda Ulug‘bek shaharchasining investitsiya nuqtai nazaridan jozibadorligini yanada orttirdi. Ilmiy-tadqiqot institutlarini shaharchaga ko‘chirish va Olimlar shaharchasini barpo etish borasida real investorlar paydo bo‘ldi. Mahalliy aholi o‘zlarining jonajon shaharchasi tarixidagi bunday o‘zgarishlardan ilhomlanib, cheksiz xursand bo‘lgan edilar.

Shaharchamizda O‘zbekiston ilm-fanining elitasi bilan birga faol, ilm va boshqa sohalarda ijtimoiy foydali mehnat bilan band bo‘lgan 7,5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ularning barchasi o‘z vatanini va mamlakatga sadoqatli avlodlar vakillarini yetishtirib bergan jonajon Ulug‘bek shaharchasini yurakdan sevishadi.


Yadro fizikasi institutidagi VVR-SM yadro reaktori. Foto: nuz.uz.

Biz, Ulug‘bek shaharchasi aholisi, Ulug‘bek shaharchasining Toshkent viloyati ma’muriy boshqaruviga o‘tkazilishi shaharcha va Yadro fizikasi institutidagi mavjud vaziyatning keskin yomonlashuviga olib keladi, degan fikrdamiz. Sababi, maishiy xizmat va ijtimoiy infrastrukturasi yetarli darajada rivojlanmagan Qibray tumani shaharcha va institutni elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv bilan uzluksiz ravishda ta’minlashga qodir emas. Yadro fizikasi institutida faol yadroviy reaktor mavjudligini va uning xavfsiz ekspluatatsiyasi barqaror elektr energiyasi va suv ta’minotiga bog‘liqligini inobatga oladigan bo‘lsak, masalaning dolzarbligi yanada oydinlashadi.

Aynan shu sababga ko‘ra, Ulug‘bek shaharchasida yadroviy ob’ektning mavjudligi tufayli, vazir B.Zokirov taklif qilganidek shaharchani Qibray ma’muriy markaziga aylantirish MAGATE xavfsizlik qoidalariga ziddir va dunyoning hech bir mamlakatida bunday amaliyot mavjud emas (YAFI xodimlarining bayonotiga asosan).

Bundan tashqari, Qibray tumani asosan agrar yo‘nalishga moslashgan ma’muriy bo‘linma bo‘lib, u yerda yirik ishlab chiqarish yoki ilmiy tashkilotlar va bunday tashkilotlarni boshqarish tajribasi mavjud emas. Shaharchaning Qibray tumaniga o‘tkazilishi bu yerdagi ilmiy salohiyat o‘rnini qishloq xo‘jaligi egallab, sekin-asta ilmning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Bunga yaqqol misollar keltirish mumkin. Qibray tumani va Toshkent viloyati ma’muriyati tomonidan yetarlicha e’tibor berilmaganligi hamda uquvsiz boshqaruv oqibatida bu ikki hududda joylashgan

  • Butunittifoq paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti,
  • Butunittifoq o‘simlikshunoslik instituti,
  • Chorvachilik instituti
  • va Seleksiya instituti kabi yirik ilmiy markazlar

faoliyati tugatilib, butunlay yopilgan. Agar O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi instituti Qibray tumaniga o‘tkazilsa, uning taqdiri ham shunday yakun topadi.

Shaharcha statusining o‘zgarishi byudjet hisobidan yirik moliyaviy xarajatlarni ham taqozo etadi (muhrlar, joy nomlari va boshqa belgilarni almashtirish, rasmiy hujjatlar to‘plami va kadastr bilan bog‘liq hujjatlarni o‘zgartirish, avtomashinalarni qayta rasmiylashtirish va boshqalar shular jumlasidan hisoblanadi). Aholining poytaxt «propiskasi»dan mahrum bo‘lishi ishga joylashish, bilim olish, tibbiy xizmat va kundalik turmushning boshqa sohalarida muammolar paydo bo‘lishiga va bu, o‘z navbatida, shaharcha aholisining ijtimoiy holatini yomonlashuviga olib keladi.

Sizning, har qanday tashabbus va davlat tomonidan qabul qilingan huquqiy hujjatlar, shu jumladan qonunlar, odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qilishi, fuqarolar uchun qo‘shimcha noqulayliklar keltirib chiqarmasligi shart, degan so‘zlaringizga asoslanib, hamda yuqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqqan holda Sizdan:

  • Ulug‘bek shaharchasining Toshkent shahri tarkibida qolishini va uni Toshkent viloyati tasarrufiga o‘tkazmaslikni;

  • Yadro fizikasi institutining xavfsizlik borasidagi maxsus maqomini inobatga olgan holda Toshkent shahrini 2041 yilga qadar rivojlantirish Bosh rejasidagi Ulug‘bek shaharchasiga tegishli qismining bekor qilinishini iltimos qilamiz.


Ulug‘bek shaharchasi aholisining ochiq xatga qo‘shilgan imzolari.

Умид qilamizki, bizning fikrlarimiz inobatga olinadi va konstitutsiyaviy huquqlarimiz buzilmaydi, davlat shaharcha aholisining xohish-irodasini ifoda etadi va uning manfaatlariga xizmat qiladi. Konstitutsiyamizda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi javobgarligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ovozimiz Sizga yetib borishiga, qonuniy huquq va manfaatlarimizni himoya qilishingizga chin dildan umidvormiz.


Avvalroq xabar berganimizdek, Toshkent shahrining Uchtepa tumani yashovchilari uchta mahallani Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga o‘tkazishga qarshi chiqishgandi. Uchta mahalla aholisi ham prezident, bosh vazir, qurilish vaziri, parlament palatalari rahbarlari, poytaxt va tuman hokimlari nomiga jamoaviy murojaat (petitsiya) yo‘llagandi. Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev ular bilan uchrashuvda poytaxt va viloyat chegaralarining o‘zgarishi hozirda loyiha ekanini ta’kidlagandi. Hozircha bu borada rasmiy izoh berilmagan.