Hukumatning 30 iyuldagi tegishli qaroriga ko‘ra, bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bexzod Anvarovich Musayevga bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish yuklandi, deya xabar qildi O‘zA.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Alisher Shodmonovning Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida rejali davolash muolajalarini olayotganini xabar qilgan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, uning ahvoli qoniqarli.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi vakili Xabibulla Oqilov sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning 29 iyul kuni reja asosidagi davolash bo‘yicha shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. «Bu reja bo‘yicha gospitalizatsiya qilish, bu yerda koronavirus haqida umuman gap ketgani yo‘q», — dedi u.

Behzod Musayev 13 maydan buyon bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Avvalroq u Davlat soliq qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.