Qoraqalpog‘istonda haydovchining mast holatda avtotransport boshqarib borayotib, boshqa bir avtomashinaga borib urilishi oqibatida profilaktika inspektori tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan, deya xabar berdi Qoraqalpog‘iston IIV axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 29 iyul kuni soat 01:40 lar chamasida Qo‘ng‘irot tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi tayanch punktlari profilaktika katta inspektori podpolkovnik Ganibayev Mansur Jangabayevich va oldin profilaktika inspektori yordamchisi lavozimida xizmat qilgan, hozirgi vaqtda jamoatchilik asosida xizmat olib borayotgan fuqaro Tanatov Janibek Asanovichning boshqaruvida bo‘lgan Nexia avtomashinasida o‘ziga biriktirilgan ma’muriy hududida xizmat olib borib, ushbu avtomashina bilan G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomagistralidagi yo‘lning chetida turgan.

Shu payt Qonliko‘l tumanida yashovchi fuqaro K. B. (1988 yilda tug‘ilgan) mast holatda o‘z boshqaruvida bo‘lgan Nexia-3 avtomashinasi yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelib, fuqaro J.Tanatovning Nexia avtomashinasiga kelib urilishi natijasida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.

«Mazkur yo‘l transporti hodisasi natijasida fuqaro J.Tanatovning avtomashinasida bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumani IIB HPB TP profilaktika katta inspektori podpolkovnik M.Ganibayev olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani prokuraturasi tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.