O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, xalqaro toifadagi madaniyat va san’at menejeri Husniddin Ato konsert faoliyatini litsenziyalash amaliyoti mumtoz musiqa rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganligi, ushbu sohada faoliyat yuritadigan xonanda va sozandalarga qiyinchilik tug‘dirayotganligi hamda nega mumtoz musiqa konsertlari O‘zbekistonda ko‘p tashkil etilmasligi haqidagi fikrlarini «Gazeta.uz» bilan bo‘lishdi.

Yaqinda muhokama uchun e’lon qilingan «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Konsert-tomosha faoliyatiga litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma taqdim etish tartibiga o‘tilishi aytilgan.

Aslida bu ish allaqachon amalga oshishi lozim edi. Rivojlangan va madaniyati mustahkam hech bir davlatda bunday amaliyot mavjud emas. Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi faqat barmoq bilan sanarli davlatlarda mavjud bo‘lib, bu ijodni, ijodiy ekrinlikni va uni namoyish etishni cheklash, jilovlash, bo‘g‘ish deganidir.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash ayniqsa nomoddiy madaniy meros rivoji va targ‘iboti, milliy cholg‘u ijrochiligi hamda professional konsertlar tashkil etilishida juda katta to‘siq bo‘lib, mahoratli, xalqaro raqobatga mos xonanda va sozandalar, jamoalarning yetishib chiqishiga, ularning kelajagiga bolta urmoqda.

Har bir davlatning o‘z musiqiy merosi mavjud bo‘lib, bu yo‘nalishda faoliyat olib boradigan shaxslar va xizmat ko‘rsatuvchilarga davlat tomonidan imtiyozlar, imkoniyatlar berilishi lozim. O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda ijod qilayotgan ijodkorlarning qonun doirasida mustaqil faoliyat olib borishlari uchun biror hujjatda huquq va erkinliklar keltirib o‘tilmaganligi sababli ham asosan estrada yo‘nalishidagi konsert faoliyati uchun ishlab chiqilgan qoidalarga ro‘para bo‘lishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida sekin kechayotgan an’anaviy xalq musiqasi va milliy raqslar targ‘ibotini amalga oshirishda va yo‘qolib borayotgan me’roslarimizni saqlab qolish hamda kelajak avlodga yetkazishda to‘sqinlik qilayapti.

Bir o‘ylab ko‘raylik, O‘zbekistondagi musiqa siyosati borasida hech tahlil va tanqid eshitganmizmi? Shou biznes vakillari ahloqi va yurish-turushiyu kiyinishlari haqidagilaridan tashqari albatta.

Misol uchun quyidagi savollarga javob izlab ko‘raylik:

  • Mumtoz musiqa yo‘nalishidagi konsert dasturlarini qayerda tinglash mumkin? Shashmaqom turkumi hamda katta ashula yo‘nalishidagi konsert dasturlarinichi?
  • Toshkenta bir oyda/yilda necha bor mumtoz/shashmaqom/xalq musiqasi asosidagi konsertlar bo‘lib o‘tadi? Estrada yo‘nalishidachi?
  • Siz qancha estrada va qancha an’anaviy yo‘nalishda ijod qilayotgan xonanda va sozandani sanay olasiz, va ularni oxirgi konsertlari qachon, qayerda va nechi kun davom etgan?
  • An’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan qaysi sozandalarni bilasiz va ular qanday cholg‘ularda ijro etishadi?
  • O‘zbekiston Konservatoriyasining An’anaviy ijrochilik bo‘limini bitirayotgan talabalarning necha foizi aynan sho‘ yo‘nalishida ijod qilishyapti?
  • Konservatoriya An’anaviy ijrochilik bo‘limini bitirayotgan talabalar bugungi kunda Shashamaqom turkumidagi yirik asarlarni qayerlarda ijro etishayapti?

Bu arzimas savollar xolos. Ushbu savollarga beriladigan javoblarga yana qancha qarama-qarshi savollar berishga ham tayyorman.

An’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan, hattoki nomdor Xalq artistlarimiz va hofizlarimizning ham birorta konsertlarini uchratmasligimizning sababi ham aynan shu litsenziyada.

Shuningdek har bir sozanda va xonanda professional konsertlar berishi, hech bo‘lmasa xarajatlarini qoplanishiga haqli, va shu orqaligina ular o‘z professional san’atini rivojlantira oladi. Aks holda faqatgina to‘y-hashamlar ularning asosiy daromad manbai bo‘lib qoladi va yakkaxon konsertlar berish ularni qiziqtirmaydi.

Aslida milliy musiqamiz, maqomlarimiz, milliy cholg‘ularimiz ishtirokidagi konsert dasturlarini tashkillashtirilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni nafaqat litsenziyalardan ozod etish, balkim hunarmandchilikka berilgani kabi imtiyozlar berilishi, Respublika bo‘ylab konsertlar tashkillashtirishda hukumat tomonidan qo‘llab quvvatlash tizimini joriy etish lozim. Afsuski konsert faoliyati borasidagi qaror va hujjatlarda milliy cholg‘ular, maqomlar va xalq musiqa merosi an’analari asosidagi konsertlar borasida hech qanday satr keltirilmagan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat turi bevosita estrada qo‘shiqchiligi uchun qo‘yiladigan talablar bilan bir xil o‘rnatilgan. Axir bu nomoddiy madaniy merosga, milliy an’analarga nisbatan adolatsizlik emasmi?!

Misol uchun biz o‘tgan 2016−2018 yillarda xorij sahnalarida O‘zbekiston mumtoz va xalq musiqa merosi, milliy raqslarining tag‘iboti o‘laroq 140dan ortiq konsert, chiqishlar, mahorat darslari tashkillashtirishga muvaffaq bo‘lik. COVID-19 sababli 2020 yildagi yana 40ga yaqin xorijiy konsertlar bekor qilindi. Lekin afsuski O‘zbekistonimizning o‘zida bunday konsertlar tashkillashtirishning umuman imkoni mavjud emas.

Sababi bu yerda konsert faoliyati uchun maxsus ruxsatnoma talab etilishi, munosib konsert zallarning mavjud emasligi, mavjud zallar uchun ijara to‘lovlari, sozanda va xonandalarga to‘lovlar, auditoriyaning kamayib ketganligi, chipta narxining pastligi va boshqa xarajatlar konsertlar tashkillashtirishga va bundan daromad qilish u yoqda tursin, xarajatini qoplashga imkon bermaydi.

Mumtoz, an’anaviy, xalq musiqa merosi shunchaki musiqa merosi emas, u bitmas-tuganmas tarbiya vositasidir. Musiqiy tarbiya birdaniga o‘z mevasini bermaydi. Uning natijasini 20−30−40 yillar o‘tib sezishimiz mumkin.

Muammolarning eng kattasi shundaki, boy va turfa xil musiqa merosiga ega bo‘lishimizga qaramasdan, estrada yo‘nalishidagi konsert dasturlaridan farqli o‘laroq, milliy, an’anaviy, mumtoz kuy va qo‘shiqlarimiz, milliy cholg‘ularimiz asosidagi jonli ijrodagi maxsus konsert dasturlari juda oz tashkillashtiriladi, tashkillashtirilayotgan holda ham faqat davlat dasturi asosida, davlat tasarrufidagi jamoalar asosida tashkillashtirilayotganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Hattoki, milliy musiqa merosimiz durdonasi bo‘lgan «Shashmaqom», va Katta ashula an’anasi YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan «Butunjahon og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi» ro‘yxatiga kiritilganiga qaramasdan, yurtimizda «Shashmaqom», mumtoz musiqa, katta ashula, yoki dostonchilik kechalarining guvohi bo‘lish imkoni yo‘q (shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassalarida tashkillashtirib borilayotgan kechalar va dasturlar bundan mustasno). Qolaversa, O‘zbekistonda «Shashmaqom» musiqa merosi bilan bir qatorda yashab kelayotgan Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari va Xorazm maqomlari kabi durdona milliy musiqa meroslarimiz ham mavjud.

Shunday ekan mumtoz musiqa merosimiz, nomoddiy ma’naviy boyligimiz hisoblanadigan maqomlarimiz, xalq musiqa merosimiz, dostonlarimiz va milliy cholg‘ularimiz ijrochilari hamda milliy musiqa asosida konsertlar tashkillashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar litsenziyalar va soliqlar borasida alohida imkoniyatlar va imtiyozlarga ega bo‘lishga to‘laqonli haqlidir.

Agarda men hozir litsenziya faqat milliy mumtoz musiqa uchun bekor qilinishi kerak deydigan bo‘lsam, ertaga kichik maqomlarni, xalq qo‘shiqlarini aytib chiqib ham litsenziyasiz ijro etmoqchi bo‘lganlar chiqadi. Va bunday holat fonogramma borasidagi tajribada kuzatilgan. Qolaversa sizlar kayg‘urayotgan masalalarni litsenziyasiz ham izga solsa bo‘ladi.

Litsenziyalash tartibini qoldirishni qo‘llab-quvvatlaydiganlar izohlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning katta qisimining fikricha, go‘yoki litsenziya bekor bo‘ladigan bo‘lsa butun mamlakat ma’naviy tanazzulga yo‘l tutadigandek. Balkim ma’naviy tanazzul aynan an’anaviy va xalq musiqa merosiga asoslangan, umuman, professional musiqachilar konsertlarning mavjud emasligi sababli yuzaga kelar?! Sizlar ham sal kengroq o‘ylanglar.

Litsenziyaning qolishini yo‘qlayotganlarga javoban aytardimki sizlar xotirjam bo‘linglar, aynan oliy ma’lumotli xonanda va sozandalar uchun juda yaxshi bo‘ladi. Ijod sohasida shuncha yil ta’lim olib, nega yana o‘z faoliyatini, ijodini davom ettirish uchun ruxsatnoma olishi kerak? Yoki Konservatoriya, San’at va Madaniyat instituti, Oliy raqs maktabining bergan bilimi va sifatiga shubha qilasizlarmi? Qolaversa, ushbu sohada mustahkam ta’lim olgan mutaxassis o‘z qadrini biladi, professional va mazmunli dastur tanlashga aqli yetadi.

Sahnada qanday kiyinish va o‘zini qanday tutishi borasida ham hech qanday savol bo‘lishi mumkin emas. Sahna zo‘rniki, agarda oliygohni bitirib ham mahoratli sozanda yo xonanda bo‘lolmasa (va bu amaliyotda mavjud) hech qanday litsenziya uning mahoratiga mahorat qo‘shib qo‘ya olmaydi. Yetarlicha mahoratli bo‘lmasa, hech bo‘lmasa menga o‘xshab menejer, targ‘ibotchi bo‘lar. To‘g‘ri, bugungi kunda targ‘ibotchi bo‘lib ro‘zg‘or tebratolmaydi, umid qilamizki yaqin yillarda hech bo‘lmasa loyihalari xarajatlari qoplanadigan sharoitga kelib qolarmiz. Juda bo‘lmasa, oliygohlarni bitirganlarning qanchadan-qanchasi boshqa sohalarda faoliyat yuritishmoqda.

Litsenziya bekor qilinib, har bir xizmat uchun tuzilgan shartnoma asosida soliq to‘lanadigan bo‘lsa, davlat g‘aznasiga ko‘proq daromad tushadi. Istagan matematik va soliqchi buni hisoblab chiqishi mumkin. Shu bilan birgalikda, xonanda va sozandalar ham faqatgina qilgan xizmatlari uchun shartnoma qilishlari, xizmatlari yo‘q mahal litsenziya uchun to‘lagan pullari kuyib qolishidan tashvishlanmasalar ham bo‘ladi. Xonandalarning to‘y-hashamlardagi hatti-harakatlari, kiyinishlari, va repertuarlarini bemalol shartnomada keltirgan holda buyurtmachi belgilashi mumkin. TV va radiolarning esa o‘zlarining tajribali badiiy muharrirlari yetarli. Xullas, imkoniyatlar faqat litsenziyaga bog‘lanib qolmagan.

Aslida kim qanday taklif berishi o‘z ixtiyorida, lekin sizning taklifingiz nomoddiy madaniy meros targ‘iboti, ijrochilari va konsert tomosha faoliyatiga, an’anaviy va xalq musiqa merosi yo‘nalishida ijod qilayotgan har bir sozanda va xonandalarning mustaqil konsertlar berib, daromad qilishlariga zarracha to‘sqinlik qilishi kerak emas.

Oliygohlarda yetishib chiqayotgan yoshlarning katta qismi turli ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus bilim yurtlari va davlat tashkilotlarida faoliyat yuritishmoqda. Ma’lumki, barcha davlat muassasalari ham oliygohlarni tamomlayotgan mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga qodir emas. Shunday ekan mustaqil badiiy jamoalar, ansambllar tashkil etilishi, soha mutaxassislari o‘z yo‘nalishlarida ijodni davom ettirishlari, O‘zbekistonda va xorijda yakkaxon va jamoaviy konsert dasturlari berishlariga bo‘lgan ehtiyoj yuzaga keladi.

Lekin, afsuski konsert tashkilotchiligi bilan bog‘liq mavjud talablar ushbu professional mutaxassislarning mustaqil o‘z konsert dasturlarini tashkillashtirishga yo‘l qo‘ymaydi, va bu oliy ma’lumotli xonanda va sozandalarning (xonanda, naychi, tanburchi, saripkachi, saksofonchi, gitarachi, doirachi, raqqosa…) birortasini yakkaxon konsertini na poytaxtda va na viloyatlar markaziy shaharlarida uchratishimiz mumkin.

Litsenziyaning bekor qilinib, xabardor qilish tarziga o‘tkazilishi milliy cholg‘ularimiz mahoratli ijrochilarining individual bo‘lib shakllanishlariga, o‘z ustlarida jiddiy shug‘ullanishlariga, mumtoz yo‘nalishda ijod qilayotgan sozanda va guruhlarning konsertlarini ko‘proq tashkillashtirilishiga, chekka viloyatlarimiz musiqiy an’analarini va musiqachilarini ham rivojlanishlariga yo‘l ochadi.

Biz o‘zimizning mavjud xalqaro tajribamizdan foydalangan holda, asta-sekinlik bilan mahalliy aholimizga, xorijlik mehmonlar va mutaxassislarga an’anaviy va xalq musiqa merosimiz namunalarini sifatli va zamonaviy uslubda yetkazish borasida imkonimiz yetguncha harakat qilyapmiz. «Mumtoz Musiqa Oqshomi», «Shashamaqom Festivali», «Doston kechasi» loyihalari shular jumlasidandir. Ming afsuski, amalga oshirayotgan konsertlarimiz, musiqa va doston kechalarimizdan daromad u yoqdu tursin, hatto birortasining xarajatini ham qoplay olmaganmiz. Unda ishtirok etgan sozanda va xonandalar ham o‘z sohasi fidoiysi bo‘lgani uchun ham labbay deb ishtirok etib kelishyapti.

Agarda konsert faoliyati bilan faqat puli, homiysi bor tadbirkorlargina, yoki asosan moddiy daromad olish maqsadida shug‘ullanilar ekan, asl an’analar hech qachon rivojlanmaydi va estrada san’ati tarozining ikkinchi pallasini bosib turaveradi.

An’anaviy va xalq musiqasi merosi shinavandalari hamma vaqt ham estrada san’ati muxlislariga qaraganda juda ozchilikni tashkil qilgan. Hatto buni taqqoslashga ham odam uyaladi.

Balkim biz umuman maqomlarimiz, an’anaviy musiqa merosimiz, xalq ijodiyoti namunalari, milliy cholg‘ularimizni saqlab qolish va rivojlantirib kelajak avlodga yetkazish haqida umuman bosh qotirishimiz, va bunga vaqt sarflashimiz shart emasdir?! Agarki shunday ekan, ushbu nomoddiy madaniy meroslarimizni YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar ro‘yxatiga kirishidan nima foyda? Va ushbu an’analarimiz «mavjudligi» haqida g‘ururlanishdan ham nima naf?!

Ushbu fikrlarni 5 yil musiqa maktabi, 4 yil san’at bilim yurti, Konservatoriya Bakalavr va Magistratura bosqichlarini tamomlagan, va 2002 yildan buyon an’anaviy va xalq musiqa merosini ham O‘zbekistonda ham xorijda targ‘ib qilib kelayotgan sanoqli mutaxassislardan biri sifatida bildirmoqdaman.

Ushbu soha bo‘yicha har qanday bahs va muzokaralarga, hamkorlikka tayyorligimni bildiraman.

Muallif fikrlari tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.