Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, karantin choralari 15 avgustga qadar uzaytirildi.

Komissiya axborotiga ko‘ra, 10 iyuldan bir qator karantin cheklovlarining qayta kuchaytirilishi o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatib, aholi orasidan koronavirus bilan kasallanganlar soni o‘tgan davrga nisbatan kamayish tendensiyasiga o‘tdi, shuningdek, kasallikdan sog‘ayganlarning kunlik soni bo‘yicha ham ijobiy ko‘rsatkichga erishilgan.

Shu munosabat bilan xalqaro tajriba, mamlakatning hamda xorijning yetuk olim va mutaxassislarining tavsiyalarini inobatga olib, shuningdek, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasidan zararlanish zanjirini uzish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan mamlakatda joriy etilgan karantin cheklovlari joriy yilning 15 avgustiga qadar uzaytirildi.

Karantin cheklovlari amal qiladigan davrda quyidagilarga qat’iy etibor qaratish belgilandi.

Davlat organlari va tashkilotlariga:

  • xodimlarini xatlovdan o‘tkazgan holda, ish joyiga faqatgina zarur bo‘lgan mutaxassislarni bevosita jalb etishga ruxsat berilganini inobatga olib, qolgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarishni yoxud masofadan turib (onlayn) ishlashini tashkil etishga to‘liq rioya etilishini ta’minlash;
  • xodimlarini vaqtinchalik xizmat safariga yuborishni to‘xtatish;
  • yig‘ilishlarni faqatgina onlayn tarzida tashkil etish;
  • xodimlar orasida koronavirus bilan kasallanganlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ulardan xabar olish, davolanish maqsadida zarur dori vositalari va buyumlarni xarid qilish uchun xodimning sharoitini inobatga olgan holda, moddiy yordam ajratish.

Fuqarolardan to‘y, oilaviy marosimlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazmaslik va jamoat joylarida, ko‘cha, maydon va mahallalarda uch kishidan ortiq to‘planmaslik, qat’iy ijtimoiy masofani saqlash (2 metr), tibbiy niqoblar va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish so‘ralmoqda.

Yoshi katta va muayyan turdagi kasalligi (qandli diabet, metobolik sindromlari, autoimun kasalliklari, qon, yurak, tomir kasalliklari, onkologik kasalliklar va b.) mavjud fuqarolarga koronavirus kasalligi kuchli ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, 65 yoshdan oshgan fuqarolarni «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.

Quyidagi faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov joriy yilning 15 avgustiga qadar uzaytirildi:

  • parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar;
  • buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar;
  • sport zallari, fitnes klub, trenajer, basseynlar;
  • umumiy ovqatlanish ob’ektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona);
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar;
  • sanatoriylar (koronovirus infeksiyasidan davolangan va reabilitatsiya o‘tayotgan bemorlarga tibbiy yordam tashkil etiladigan sanatoriylardan tashqari), pansionatlar, bolalar oromgohlari, xostellar, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;
  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalari, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno).

Shu bilan birga, fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, test va qon topshirish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda, inson sog‘lig‘iga va hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmasligi belgilandi va shu munosabat bilan mutasaddilarga mazkur holatlarda fuqarolarning avtotransport vositalari harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaslik, zarur hollarda fuqarolarni manziliga yetkazishda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan aniq ko‘rsatma berildi.

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 8 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, joriy yil 31 iyul (juma), 1−2 avgust hamda 8-9 avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi. Ushbu kunlarda:

  • aholiga — «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish;
  • davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga — xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish tavsiya etiladi.

Shu bilan birga yirik tadbirkorlik sub’ektlariga karantin cheklovlari amal qilgan davrda tegishli ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlarida sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan xodim belgilash tavsiya etiladi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi to‘g‘risida uslubiy ko‘rsatma ham tasdiqlandi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda koronavirus infeksiyasi yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir o‘tayotgan bemorlarni davolash standartlari tasdiqlanishi hamda fuqarolarga tavsiya etiladigan dori vositalarining yagona ro‘yxati shakllantirilishi belgilandi.

Shu bilan birga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida:

  • respublikadagi barcha dorixonalarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash hamda dorixonalarda dori vositalarining narxlari barqarorligini ta’minlash;
  • koronavirus infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarni kislorod bilan ta’minlangan holda shayligini tayyorlash;
  • koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni klinik belgilariga asosan test javoblarini kutmasdan tibbiy yordamni tashkil qilish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Mutasaddilarga koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni shifoxonaga joylashtirishning aniq va shaffof mezonlarini ishlab chiqish hamda bemorlarni shifoxonaga joylashtirishda ushbu mezonlarga qat’iy amal qilish ustidan aniq topshiriqlar berildi. Bunda, qandli diabet, onkologik, yurak qon-tomir, autoimmunlik kassaliklari, metabolik sindromi mavjud hamda 55 va undan yuqori yoshdagi bemorlarni birinchi navbatda shifoxonaga joylashtirilishi belgilandi.