Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi 27 ta bank faoliyatini baholash maqsadida «Banklar faollik indeksi»ni ishlab chiqdi. Bu haqda markaz «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Mazkur indeks bank aktivlarida xususiy banklar ulushini, shuningdek bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, «Banklar faollik indeksi» ikkita subindeksdan iborat:

  • Moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi;
  • Moliyaviy barqarorlik indeksi.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqotda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 31 ta tijorat bankidan 27 tasi baholangan. Tadqiqotda baholangan banklar uch guruhga bo‘lindi: davlat ulushi mavjud yirik banklar; raqobatchi banklar; markazlashgan banklar.



2020 yil may oyi uchun hisoblangan «Banklar faollik indeksi» bo‘yicha reytingning yuqori uchtaligida «Kapital bank», «Hamkor bank» va «Aloqa bank» o‘rin olishdi.

Ta’kidlanishicha, Kapital bank umumiy reytingda (moliyaviy vositachilik va daromad olish salohiyati ko‘rsatkichlari bo‘yicha reytinglarda ham) 1-o‘rinni egallagan.

Xususan, Kapital bankda jamg‘arma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 82 foizgacha oshgan bo‘lsa, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi hamda majburiyatlari tarkibida davlat mablag‘lari ulushi bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past hisoblanadi (mos ravishda 3,2 va 0,14 foiz).

Shuningdek, Kapital bankning moliyaviy ommaboplik indeksi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlari, xususan 10 ta eng yirik mijozlariga berilgan kreditlar ulushi hamda xususiy sektorga berilgan kreditlarning jami kreditlar hajmiga nisbati mazkur banknig reytingda yuqori pog‘onani egallashiga sabab bo‘lganligi ma’lum qilinadi.

Hamkor bank umumiy reytingda 2-o‘rinni (moliyaviy ommaboplik bo‘yicha 1-o‘rinni, daromadlilik bo‘yicha 2-o‘rinni) egalladi. Xususan, mazkur bank jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar o‘rtacha soni (har bir filialga 4323 kishi) bo‘yicha reytingda 3-o‘ringa joylashdi. Hamkor bankning top-10 mijozlariga berilgan kreditlar ulushi past darajada (14,3 foiz) hisoblanadi.

Aloqa bank davlat ulushi mavjud yirik banklar orasida hukumat oldidagi majburiyatlarining kamligi, jamg‘arma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati yuqoriligi sababli umumiy reytingda 3-o‘rinni egalladi.

«Tenge bank», «O‘zKDB bank» va «Poytaxt bank» umumiy reytingning so‘nggi uchligida joylashdi.

«O‘zKDB bankning top-10 yirik mijozlariga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi juda yuqoriligi hamda kreditlarni jamg‘arma va muddatli depozitlar hisobidan moliyalashtirish darajasining pastligi mazkur bank uchun nisbatan past indeks hisoblanishiga sabab bo‘ldi», — deyiladi tadqiqotda.

Shu bilan birga, 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Tenge bank va Poytaxt bankda jamg‘arma va muddatli depozitlarning jami kredit qo‘yilmalariga nisbatining pastligi, Tenge bank majburiyatlarida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning yuqori ulushi mazkur banklarning «Banklar faollik indeksi» bo‘yicha reytingda mos ravishda 25-o‘rin va 27-o‘rinlarni egallashiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramasdan, ushbu banklar likvidlilik darajasi bo‘yicha top-3 liderlar hisoblanadi.

Banklar faollik indeksi bo‘yicha reyting

Manba: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi