Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiyani jilovlashda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xodimlari va boshqa tashkilotchilarni faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Shu o‘rinda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Bugun koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim», — dedi davlat rahbari.

Oldinda bunday mukofotlar ko‘p bo‘lishi ta’kidlandi. Bu kurashda o‘zini ayamay mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlari albatta munosib taqdirlanadi.

«Biz pnevmoniyani davolashda nafaqat o‘zimizning shifokorlar, balki videoaloqa orqali xorijdagi yetakchi mutaxassislarni konsultatsiya berishga jalb qilyapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori yurtimizga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bugun Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ish olib boryapmiz».

Davlat rahbari xalqaro va mahalliy tajribani hisobga olib, koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi yangilanganini ma’lum qildi. Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va kollejlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar va pensiyaga chiqqan mutaxassislar orasidan jami 5 mingta vrach hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etildi.

Shu bilan birga, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 46,5 mingta o‘rin ajratilgani, yana 31 mingta o‘rin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishini ta’kidlab o‘tdi.