Xitoy hukumati Marsni tadqiq qilish uchun birinchi zond Tianwen-1 ni uchirdi. Long March-5 raketa apparati 23 iyul kuni janubiy Xaynan provinsiyasidagi «Venchan» kosmodromidan uchirildi, deya xabar berdi RBK.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zond sayyora yuzasiga yetib borishi uchun yetti oy kerak bo‘ladi. Agar parvoz rejadagidek amalga oshirilsa, zond 2021 yilda Yerga ilk ma’lumotlarni yuboradi.

Aprel oyida Xitoy Marsni tadqiq qilish bo‘yicha birinchi missiyasi Tianwen-1 («Osmonga savollar») deb nomlanishi haqida e’lon qilgan edi. Rejalashtirilgan missiya Mars orbitasiga yetib chiqish va aylanish, qizil sayyora yuzasiga qo‘nish va Mars bo‘ylab harakatlanishni o‘z ichiga oladi.

Agar missiya muvaffaqiyatli bajarilsa, olimlar atmosferani, topografiyani, geologik xususiyatlarni, sayyora magnit maydonining xususiyatlarini o‘rganishi mumkin, bu esa Marsning kelib chiqishi va evolyutsiyasi to‘g‘risida va butun quyosh sistemasi to‘g‘risida ma’lumot olishga yordam beradi.

Shu bilan birga, missiyaning asosiy maqsadi — Marsda hayotning belgilarini topish, shuningdek, kelajakda ushbu sayyorada inson yashashi uchun mos sharoitlar yuzaga kelish ehtimolini o‘rganishga qaratilgan.

XXR milliy kosmik boshqarmasi boshlig‘i Vu Yanxuaning aytishicha, bundan tashqari Xitoy Yupiter sayyorasi va uning atrofida harakatlaruvchi asteroidlar tizimini o‘rganish uchun ham zond yuborishni rejalashtirgan.