O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori Xakimbay Xalimov olamdan o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga xabar qildi. Avvalroq unda koronavirus aniqlangan edi.

«Bosh prokuratura rahbariyati va jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlarida xizmat qilgan 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi Xalimov Xakimbay Ashirovichning vafoti munosabati bilan marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi», — deb yozdi matbuot xizmati.

Xakimbay Xalimov (1954 yilda tug‘ilgan) turli yillarda Qoraqalpog‘iston prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokurori bo‘lib ishlagan. 2017−2019 yillarda Qoraqalpog‘istonda prezident xalq qabulxonasini boshqargan. 2019 yildan buyon Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.