O‘zbekistonlik quruvchilar 13 iyul kuni Rossiyaning Amur viloyati Svobodniy tumanidagi “Renaissance Heavy Industries” kompaniyasiga tegishli vaqtinchalik vaxta shaharchasida tartibsizliklar uyushtrishdi. Unda 300 dan ziyod ishchilar ishtirok etdi. Bunga asosiy sabab sifatida ishchilarga uch oy davomida maosh berilmagani ko‘rilmoqda, deya xabar berdi Rossiyaning RBK nashri.

“Mojaroning sababi Renaissance Heavy Industries xodimlari va uning rahbariyati o‘rtasida qo‘shimcha moliyaviy mukofotlar borasida kelishmovchilik bo‘lgan”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Ishchilar uch oylik karantin uchun ish haqi va to‘lovlarni oshirishni talab qilishdi. ANS nashrining xabar berishicha, ishchilarga uch oy davomida maosh berilmagan (jami 14,4 mln rubldan ortiq). Zavodga tezkor huquq-tartibot organlari chaqirilgan, ular tartibsizlik ishtirokchilarini tarqatib yuborgan va ayrimlarini hibsga olgan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi yuz bergan hodisani nazoratga olib, Rossiya Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlari bilan muntazam muloqot olib borayotganini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi bo‘lib o‘tgan hodisa tafsilotlarini aniqlash hamda O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash maqsadida voqea joyiga elchixona bosh konsuli yetib borganini ma’lum qildi.

“Elchixona rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda mojaroni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni o‘rganish, muammoning barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan yechimni topish bo‘yicha ish jarayoni va natijalari haqida qo‘shimcha axborot beradi”, — deyiladi vazirlikning xabarida.

Tartibsizliklar yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 212-moddasi 2-qismi (ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Amur viloyati tergov boshqarmasi. Qurilish maydonchasi qurshab olingan, voqea joyida tergov guruhi ishlamoqda.

Amur gazni qayta ishlash zavodi 2015 yildan beri qurilmoqda, bu yerda 2021−2024 yillarda umumiy hajmi 42 milliard kubometr gaz hajmli oltita ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Zavod Amur viloyatining Xitoy bilan chegaradosh Svobodniy shahri yaqinida joylashgan. Shu yerdan “Gazprom” kompaniyasi neft kimyo xom ashyosi va tozalangan gazni Xitoyga yetkazib beradi.