10 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmonda qayd etilishicha, “global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, ularning suvga bo‘lgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda”.

Suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

2030 yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish rejalashtirilgan:

  • sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;
  • suv ta’minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;
  • sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 25 foizga kamaytirish;
  • barcha irrigatsiya tizimi ob’ektlariga Smart Water (“Aqlli suv”) suv o‘lchash va nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
  • 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;
  • suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta лойиҳани amalga oshirish.

Farmonda qayd etilishicha, klasterlarga o‘z balansidagi qishloq xo‘jaligi ekin yerlarida joylashgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish yo‘nalishidagi Suv xo‘jaligi vazirligining funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘tkazish to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali amalga oshiriladi.

Mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni 2020−2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita"si tasdiqlanib, unda suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida Suv kodeksi ishlab chiqiladi.

“Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste’molini bosqichma-bosqich kamaytirish hamda suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillarini, autsorsing va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hisobidan tejaladigan mablag‘lar suv inshootlarini modernizatsiya qilish, suv xo‘jaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish va xodimlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirishga yo‘naltiriladi”, — deya belgilandi farmonda.

Hujjatda “Konsepsiyaning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatilishi” alohida qayd etildi.

Ma’lumot uchun, hozirda mamlakatda foydalanilgan o‘rtacha yillik suv miqdori 51−53 milliard kub metrni tashkil etib, uning 97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi esa yer ostidan olinadi va ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga qisqargan.